O‘quvchilar uchun ID-kartalar joriy etilishi mumkin - Dono.uz

O‘quvchilar uchun ID-kartalar joriy etilishi mumkin

Xalq ta’limi vaziri o‘quvchilar uchun ID-kartalar tizimini joriy etish ishlari qanday ketayotgani haqida ma’lumot berdi. Mazkur kartalar bank va boshqa tizimlar bilan bog‘langan bo‘ladi. Bu haqda «gazeta.uz» xabar berdi.

O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) bo‘yicha maktab o‘quvchilarini identifikatsiya qilish tizimini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Prezidentning 2018 yildagi qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab bank va boshqa tizimlar bilan integratsiya qilingan o‘quvchilar identifikatsiya kartalarini berish yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Vazir joriy yildan bitiruvchi o‘quvchilarga maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomalar pasportlaridagi JShShIRni o‘z ichiga olgan bitiruvchilar ma’lumotlar bazasi asosida taqdim etilgani aytib o‘tdi. Bu kelgusida bitiruvchilarning qaysi OTMlarga kirganini maktablar kesimida tahlil qilishga imkon beradi.

«OpenEMIS (ta’limni boshqarishning ochiq axborot tizimi — tahr.) tizimi joriy etish vaqtida biz har bir o‘quvchi uchun alohida o‘ziga xos kod tayinlaymiz. Uni JShShIR deb atamaymiz, chunki hozircha qonuniy asoslari yo‘q… Biz hozircha ota-onalarning JShShIRlaridan foydalanamiz. Pasport olishi bilan ularning JShShIRlarini tizimga kiritamiz», — dedi Sherzod Shermatov.

«Parallel ravishda to‘lov tizimini joriy etish uchun bank sohasi bilan ishlayapmiz. Biz bu g‘oyani EDUcard sifatida boshladik. Hozir ID-kartalar o‘rniga bola osonroq foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa nimanidir joriy etishni o‘ylamoqdamiz. Nima uchun? Chunki ota-onalar bolalariga pul berishadi. Bola bu pulni tushlik yoki, deylik kanselyariya mahsulotlari sotib olish uchun emas, balki boshqa maqsadlar uchun ishlatmoqda. Alohida EDUcard to‘lov tizimining joriy etilishi esa ota-onalarda farzandlari ushbu mablag‘larni faqat maqsadli ishlatishiga ishonch hosil qilishga imkon beradi», — dedi vazir.

Sherzod Shermatov to‘lov tizimiga bosqichma-bosqich bolalar uchun xizmatlar taqdim etuvchi barcha provayderlarning qo‘shilishini ham ma’lum qildi. Ushbu loyiha konsepsiyasi tayyor, hozirda sarmoyadorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Free WordPress Themes