QUVONCH OLIB KELSIN, YANGI YIL! - Dono.uz

QUVONCH OLIB KELSIN, YANGI YIL!

novye-kartinki-s-novym-godom-2017-4Yil oxirlab, yangi yil nafasi sezilmoqda. Bayramni nishonlash uchun ko’chalar, uylar bayramona bezatilgan. Shu kunlarda yurtimizning barcha go’shasida bolajonlarning quvonchiga quvonch qo’shish maqsadida turli bayram tadbirlari o’tkazilmoqda. Bolajonlar yuz-ko’zida tabassum. Odatdagidek, yil oxirlash arafasida barcha o’zgacha bir kayfiyatda bo’lib, yaqin onlarda guyoki sodir bo’lishi mumkin bo’lgan mo»jizani kutishadi…

Aslida qahraton qish fasli kirib kelishi bilan barchaning qalbiga qandaydir iliqliq kirib kelishi yangilik emas. Ayniqsa, bu fasl o’zi bilan birgalikda eng yorqin va barcha uchun qiziqarli bo’lgan bayram shukuhini ulasha oladi. Bu faslda hammayoq oppoq qor bilan qoplanib, tabiat o’zgacha ko’rinishda tus olishi yana bir o’ziga xoslikdir.

AZIZ TENGDOSH!

Mana, yana bir Yangi yil boshida turibmiz Insonlar hamisha o’zlarini oldinda nimalar kutayotganiga qiziqishadi. 2017 yilda ham imkon qadar vaqtingizni o’qib bilim olishga, kelajakda yetuk inson bo’lib yetishish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga sarflang. O’z ustingizda ishlang. Ko’proq o’qish, qiziqarli ko’rsatuvlar ko’rish, tajribali va dono kishilar bilan suhbat Siz uchun foydadan xoli bo’lmaydi. Agar kelgusi yil uchun oldingizga aniq maqsad qo’ysangiz, unga albatta erishasiz. Odatda odamlar o’tib ketayotgan yilga shukrona aytib, kirib kelayotgan yilni yaxshi niyatlar bilan bayramona kutib olishga odatlanganlar. Qaerda bo’lmasin o’z an’analariga sodiq qolgan holda nishonlaydilar. Kirib kelgan yil o’tgan yildanda barakaliroq bo’lishini niyat qilishadi. Yangi yilda amalga oshmay qolgan maqsadlarimizni ro’yobga chiqaraylik! Yangi 2017 yil barchamiz uchun omadli kelsin!

Bilasizmi?

ARCHA VA YANGI YIL TARIXI

Yangi yil oilaviy bayram. Bu turli mo»jizaviy onlarni va’da qiluvchi shodiyona.

Barcha oila a’zolari, ayniqsa, bolajonlar qalbiga ertaknamo ruhiyat olib kirishi hech kimga sir emas. Aslida u qachon paydo bo’lgan? Archa bezatish-chi.

Yangi yil bayramida udumga kirgan amallarning kelib chiqish tarixi yuzasidan turli-tuman taxminlar mavjud. Masalan, ulardan eng qadimiylarini ko’rib chiqaylik.

Archani bezatish udumining tarixi qadim german qabilalariga borib taqaladi. Sovuq o’lkalarda yashovchi aholi archa daraxtini ajalni yenguvchi timsol sifatida qabul qilib, o’z boshpanalarini yovuz kuchlardan himoya qilish niyatida uni turli buyumlar bilan bezaganlar. O’sha zamondagilarning fikricha, yilning to’rt faslida ham o’z rangini o’zgartirmaslikka, bir necha avlodlar umrini yashay olishga qodir archa shoxlariga farishtalar qo’ngan emish.

So’ngra bu an’ana butun Yevropa xalqlarining udumlariga turlicha kirib kelgan. Misol tariqasida Frantsiyani keltirishimiz mumkin. O’shanda shahar ko’chalariga o’rnatilgan archa daraxtlari turli shirinliklar, yaltiroq qog’oz parchalari bilan bezatilganligini 1065 yilda yozilgan qaydnomalardan o’qish mumkin. Bu odat uylarga, xonadonlarga ko’cha boshlagan.

Ma’lumotlarga ko’ra, 1935 yilda birinchi bayram archasi bezatildi va bu bolajonlar uchun tonggi bayram sifatida tuhfa etildi. Archa bolajonlar uchun sovg’a sifatida berilgan olma, nok, behi, shirinligu pishiriqlar turli zar tasmalar bilan bezatiladigan bo’ldi. Shundan so’ng Yangi yil bayrami barcha xalqlarning sevimli bayramiga aylandi. Shu tariqa yangi yilni bezatilgan archa ishtirokida nishonlash bizning yurtimizga ham kirib kelgan.

Bu qiziq!

Dunyodagi eng katta sun’iy archa Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o’rnatilgan. Uzunligi 76 metr balandlikka ega bo’lgan bu murakkab konstruktsiya shaharning eng gavjum qismi Lagoa ko’lining o’rtasidan makon topgan. Mazkur bahaybat archani bezash uchun 2.000.000 dan ziyod chiroqlardan foydalanishgan ekan.

Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan eng uzun tabiiy archa daraxti AQSH poytaxti Vashington shahriga o’rnatilgan. Uning uzunligi naq 67 metru 36 santimetr bulgan.

YANGI YILNI A’LO KAYFIYATDA KUTIB OLAYLIK

Yana bir yilni nihoyasiga yetkazdik. 2016 yil ham tarix sahifalariga muhrlanmoqda. Ayniqsa, yangi yil tantanalari har birimizni vaqt bilan hisoblashishga, o’tayotgan yilning qadrini so’rashga undagandek bo’ladi. O’tayotgan yilda nimalarni o’rganganingiz, qanday muvaffaqiyatlvarga erishganingiz sarhisob qiling. Ostonamizda esa XXI asrning yana bir yili eshik qoqib turibdi. Yangi yil tantanalarini o’zga bayramlardan farqli ravishda shodu xurramlik bilan bezatilgan archa va noz-ne’matlarga to’liq dasturxon atrofida kutib olishning zavqi o’zgacha. Bezatilgan archa atrofida har birimizning hayotimizga mehmon bo’lib kelayotgan yangi yilni a’lo kayfiyatda kutib olaylik.

Aziz tengdoshlar! 2017 yilda fayzli, quvonchli kunlaringiz ko’p, taningiz sihat, bag’ringiz but bo’lsin! Yangi yilning har lahzasi faqat xushxabarlarga boy bo’lsin! Ezgu orzu-umidlaringiz ro’yobga chiqsin! Yangi yilingiz qutlug’ bo’lsin!

Shoh JAHON tayyorladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes