O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etilgan tadbirlar - Dono.uz

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etilgan tadbirlar

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Davlat bayrog‘i – mening bayrog‘im” shiori ostida keng nishonlandi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Davlat bayrog‘i – mening bayrog‘im” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlar bo‘yicha tavsiya va namunaviy ssenariy” ishlab chiqilib, joylarda tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Davlat bayrog‘i – mening bayrog‘im” shiori ostida 15-16 noyabr kunlari 1-6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida rasmlar, 7-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida rasmlar va insholar tanlovi hamda davra suhbatlari tashkil etildi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etilgan tadbirlarga jami 5 mln.dan ortiq o‘quvchilar qamrab olindi. Ushbu tadbirlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar shoir, yozuvchi, mahalla faollari, ota-onalar, hokimliklar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari tomonidan faxriy yorliqlar, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Davlat bayrog‘i – mening bayrog‘im” shiori ostida o‘tkazilgan ertalabki saflanishlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi ijro etilib, bayrog‘imiz to‘g‘risida she’r qo‘shiqlar yangradi.

Shuningdek, hududlardagi istirohat bog‘lari va xiyobonlarida sayllar tashkil etildi. Jumladan, Toshkent shahar “Istiqlol” san’at saroyi oldida “O‘zbekiston bayrog‘i xilpiraydi jahonda!” shiori ostida taniqli xonandalar va aktyorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida joylashgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi binosida “O‘zbek tilim – iftixorim” mazusida o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan insholar tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan bayram tadbirlarida 1000 nafardan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari va pedagog xodimlari qatnashdi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yuksaklarda hilpirab turadigan 60 metrlik davlatimiz bayrog‘i o‘rnatildi. Tantanali tadbirda Kosonsoy tumani hokimligi, tuman IIB, tuman xalq ta’limi bo‘limi, “Vatanparvar” tashkiloti tuman kengashi kabi ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, iste’dodi san’atkorlar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, musiqa va san’at maskanlarining iqtidorli o‘quvchilari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayram shodiyonasiga yanada tantanavor tus bag‘ishladi.

Ahamiyatlisi, “Hamisha cho‘qqida bo‘l, Vatan bayrog‘i!” shiori ostida 12 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida velomarafonda Kosonsoy tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan jami 370 nafar o‘quvchilar ham ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bayrog‘im mening g‘ururim, mening iftixorim” shiori ostida Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida, uning muassisligidagi gazeta va jurnallarda bugungi kunga qadar 9 ta maqola e’lon qilindi.

Mazkur mavzuda tashkil qilinayotgan tadbirlar markaziy nashrlar, axborot agentliklari va radiodasturlar orqali keng yoritib borish bo‘yicha hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Free WordPress Themes