“Oʼzbek tilim – iftixorim” mavzusida insholar va videolavhalar tanlovi gʼoliblari taqdirlandi - Dono.uz

“Oʼzbek tilim – iftixorim” mavzusida insholar va videolavhalar tanlovi gʼoliblari taqdirlandi

O‘zbek tilining davlat tili sifatida maqomini oshirish, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish va yoshlarda o‘zbek tiliga bo‘lgan yuksak hurmatni shakllantirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” Qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2019 yil 4 oktyabrda PQ-4479-sonli qarori hamda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 21 oktyabrda PF-5850-sonli Farmoni imzolandi.

Prezidentimiz tomonidan 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi.

Ushbu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbek tilim – iftixorim” mavzusida insholar va videolavhalar tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tanlovda respublika bo‘yicha ta’lim 7 tilda olib boriladigan barcha umumta’lim maktablarining 4-11-sinf o‘quvchilari (respublikadagi jami o‘quvchilarning 74,2%) ishtirok etdi.

Jumladan, respublika bo‘yicha:

600 mingdan ortiq 4-sinf o‘quvchilari (respublikadagi jami o‘quvchilarning 9,7%) tomonidan o‘zbek tilida diktant yozildi;

4 mln.ga yaqin 5-11-sinf o‘quvchilari (respublikadagi jami o‘quvchilarning 64,5%) tomonidan o‘zbek tilida insho yozildi;

5-11-sinf o‘quvchilari tomonidan she’r, qo‘shiq, nutq, kreativ bayram tabrigi ko‘rinishidagi videolavhalar tayyorlandi.

Hakamlar hay’ati tomonidan insholar va videolavhalar tahlil qilinib, g‘oliblar aniqlandi.

Unga ko‘ra:

insholar tanlovida 49 ta 1-o‘rin, 49 ta 2-o‘rin, 49 ta 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi;

videolavha tanlovida 1 ta 1-o‘rin, 1 ta 2-o‘rin, 1 ta 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi;

Mazkur tanlovlar g‘oliblariga tadbir tashkilotchilari tomonidan esdalik sovg‘a sifatida 1-o‘rin uchun 50 dona noutbuk, 2-o‘rin uchun 50 dona planshet, 3-o‘rin uchun 50 dona smartfon ajratildi.

Mazkur tanlovni o‘tkazish orqali:

5 mln. ga yaqin o‘quvchilar o‘zbek tilida diktant va insholar yozishdi;

o‘quvchilarning o‘zbek tili bo‘yicha imloviy savodxonligi oshirildi;

o‘quvchilar insho yozish jarayonida o‘zbek tilining jahon miqyosida tan olinganligini yana bir bor anglashdi;

maktablarda o‘zbek tili nufuzi va mavqeini oshirishga urg‘u berildi;

o‘quvchilar insho yozish orqali real hayotda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeiga sovuqqon va loqayd munosabatda bulayotgan aksariyat yurtdoshlarimizga o‘zlarining tanqidiy munosabatlarini bildirishdi;

o‘quvchilar o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatlarini videolavha shaklida ijtimoiy tarmoqlar (facebook, instagram), messenjer (telegram) va veb-sayt sahifalariga (uzedu.uz, youtube.com, letogram.com) joylashtirishdi;

Bu tanlov yurtimizda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi qadamlardan biridir.

“O‘zbek tilim – iftixorim” mavzusidagi tanlov yuzasidan o‘quvchilar, ularning ota-onalari, hakamlar hay’ati fikrlari:

Respublika bosqichining hakam hay’ati raisi Aliyeva E’zozxon Odiljonovna: 

“Hakamlar hay’ati a’zolari o‘quvchilar tomonidan yozilgan insholarni ko‘rib chiqish jarayonida o‘quvchilarning o‘zbek tiliga bo‘lgan ijobiy munosabatini turli yondashuvlar va real hayotdagi holatlar orqali bildirishgan.

Eng quvonarlisi, bolalar bugun jamiyatda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeiga sovuqqon va loqayd qarayotgan yurtdoshlarimiz to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bayon qilgan.

Minglab o‘quvchilarning ijodiy ishlarini tekshirishda va ular ichidan munosib g‘oliblarni aniqlashda hakamlar hay’ati katta qiyinchiliklarga duch keldi.

Chunki har bir o‘quvchi o‘zi yozgan inshoda o‘zbek tilining tarixi, muloqot jarayonida o‘zbek tilidan foydalanish holati, o‘zbek tiliga salbiy ta’sir etayotgan omillar kabi jihatlarga chuqur yondashgan va imloviy savodxonlikka e’tibor qaratgan”.

Ota-onalar fikri, fuqaro Jo‘rayeva Umida Baxtiyorovna:

“Qizim Mohizoda Ortiqboyeva maktabda barcha bolalar “O‘zbek tilim – iftixorim” mavzusida insho yozganligi va o‘rtoqlari inshoda bayon qilgan fikrlarini aytib berganida, farzandimning o‘zbek tili bo‘yicha bildirgan fikrlari meni juda g‘ururlantirdi.

Eng asosiysi, farzandimning ona tiliga bo‘lgan mehri yuqori ekanligini his qildim. Tilga bo‘lgan bu mehrni maktabdagi ona tili o‘qituvchisi shakllantirgan. Shu boisdan ham barcha o‘qituvchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”.

Free WordPress Themes