O‘zbekistonda o‘qituvchilar faoliyati, ish sharoiti va ta’lim muhiti xalqaro tashkilot tomonidan o‘rganiladi - Dono.uz

O‘zbekistonda o‘qituvchilar faoliyati, ish sharoiti va ta’lim muhiti xalqaro tashkilot tomonidan o‘rganiladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya vakillari Fransiyaga qilgan xizmat safari davomida Xalqaro iqtisodiy hamkorliklar tashkiloti (OECD)da bo‘lib, tashkilot mutasaddilari bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. 
Uchrashuv davomida TALIS (Teaching and Learning International Survey) xalqaro baholash tadqiqotlarida O‘zbekistonning ilk ishtiroki yuzasidan kelishuv imzolash bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi. Bu haqda «UzA» xabar berdi.
TALIS o‘qituvchilar faoliyati, ish sharoiti va maktabdagi ta’lim muhitini baholashga qaratilgan eng yirik xalqaro tadqiqot hisoblanadi.
Tadqiqot maqsadi – ishtirokchi mamlakatlarga samarali o‘qitish va o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish qaratilgan ta’lim siyosatini ishlab chiqishda yangi ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish va aniqlash imkonini beradigan ishonchli, dolzarb va qiyosiy ma’lumotlar taqdim etishdan iborat.
Tadqiqotlar maktab o‘qituvchilari va direktorlariga nafaqat milliy, balkim xalqaro daraja o‘z fikrini bildirish imkonini beradi.
Uchrashuv avvalida OECDning TALIS bo‘yicha mas’ul bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Karine Trembley ushbu tadqiqotda ishtirok etish shartlarini tushuntirib berdi.
Ushbu tadqiqotda 200 ta maktab, 4000 nafar o‘qituvchi va 200 nafar maktab direktori ishtirok etadi. Ularni tanlash ham PISA tadqiqotlariga o‘xshash bo‘lib, qaysi bosqich o‘qituvchilarini tanlash, nechta tilda so‘rovnomalar bo‘lishini belgilash OECD va davlat o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan ko‘zda tutiladi.
Ilgari TALIS tadqiqotlari har 5 yilda o‘tkazilgan bo‘lsa, endi esa har 6 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 2018 yilda o‘tkazilgan TALIS xalqaro baholash tadqiqotlarida 48 ta davlat qatnashgan bo‘lib, natijalari 2020 yilda mart-aprel oylarida e’lon qilinadi.
Uchrashuv davomida OECD mutasaddilari TALIS tadqiqotlari aynan PISA o‘tkazilgan maktabda bo‘lishi shart emasligi, ularning natijalari alohida chiqarilishi, TALIS o‘tkazishdan maqsad ta’lim muassasalaridagi ahvolni, o‘qituvchilar kompetensiyalarini va muammolarini aniqlash, lekin uning natijalari ham personal muhokama qilinmasligi, natijalariga ko‘ra reyting chiqarilmasligini qayd etib o‘tishdi.
Shuningdek, navbatdagi TALIS tadqiqoti 2024 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgani va unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston hukumati rasman murojaat qilishi lozimligi ta’kidlandi. Shundan so‘ng, shartnoma tuzilib, rasmiylashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Yakunda ushbu tadqiqotda ishtirok etish bo‘yicha boshqa davlatlar, xususan 2018 yilda 1-marta TALIS tadqiqotlarida ishtirok etgan Qozog‘iston tajribasini o‘rganishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Shanxayda TALIS-2013 natijalariga ko‘ra o‘qituvchilar oylik maoshi 10 % oshirilgan. Avstraliyada o‘qituvchilarni oliy ta’limdan keyingi tayyorgarligi bo‘yicha yangi dasturlar joriy etilgan, professional standartlar yangilangan. Italiyada “Yaxshi maktab” loyihasi doirasida o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, o‘qituvchilarga haq to‘lash tizimiga o‘zgartirish kiritgan bunda asosiy e’tibor o‘qituvchilar faoliyat samaradorligiga qaratildi. Angliyada maktablar uchun 1 kun (yiliga 3 marta) davom etadigan “qisqa tekshiruvlar” joriy etilib, ushbu holat navbatdagi tadqiqotlarda pedagoglar tomonidan “yaxshi” deb baholangan.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Free WordPress Themes