O‘zbekistonda bola huquqlari qay darajada kafolatlangan? - Dono.uz

O‘zbekistonda bola huquqlari qay darajada kafolatlangan?

Adliya vazirligi tomonidan bola huquqlarini muhofaza qilishdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. 
BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Bosh prokuratura va IIV bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy sud, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Advokatlar palatasi, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalari va filiallari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi arafasida o‘tkazilgan anjumanda konvensiya qoidalarining milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi, bolalarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishlarini yuritishda xalqaro standartlar, ichki ishlar organlari faoliyatida voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, odil sudlov tizimida bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni har tomonlama himoya qilish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Ma’lumot uchun: 2019 yil 1 yanvar holatiga respublika bo‘yicha vasiylik va homiylik organlari nazoratida turgan yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 57 ming 600 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilning 6 oyi davomida qo‘shimcha 9 ming 286 nafar ushbu toifadagi bola aniqlangan.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda xalqaro va xorijiy tashkilotlar, davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti bir xilligini ta’minlashga qaratilgan takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar umumlashtirilib, tegishli tashkilotlarga kiritishga kelishib olindi.
Free WordPress Themes