Tarbiya faqat maktabda berilmaydi! - Dono.uz

Tarbiya faqat maktabda berilmaydi!

Faoliyatim davomida juda ko‘p o‘quvchilar bilan ishladim va shuncha ota-onalarni ko‘rdim. Ammo keyingi 10 yilda shunday voqealarning guvohi bo‘ldimki, o‘qituvchiga otilayotgan bo‘hton va haqoratlarga chidab bo‘lmay qoldi. Axir o‘qituvchi ham kimningdir onasi, kimningdir otasi, kimningdir jondan aziz farzandi-ku!

O‘quvchiligimda muallim­lari­miz­­dan kaltak yegan vaqtlarimiz bo‘lgan, ammo ota-onamiz maktabga borish u yoqda tursin, “Ayb o‘zingda”, deya yana o‘zimizni koyirdi. Hozir-chi? Bola psixologiyasi dedik, uning o‘ziga ishonchi dedik va o‘quvchilarga dakki berishni ham taqiqladik. Shunday otalarni ko‘rdimki, tanbeh bergan o‘qituvchini o‘quvchilar oldida kaltakladi, farzandlari darsda ustozlariga qo‘l ko‘targan holatlar ham bo‘ldi. O‘qituvchi “2” qo‘ysa, “Sen farzandimning shaxsiyatiga tegding”, “Hayotga qiziqishini so‘ndir­ding”, “Seni deb maktabdan ko‘ngli sovidi”, deya yoqadan ushlaydigan onalarni ham ko‘rdim…

2019-yil 29-avgust kuni XTVning “Sinf rahbarlarining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi muvaqqat nizomi tasdiqlangani va unda o‘quvchining maktabdan tashqari faoliyatiga sinf rahbari javobgar emasligini eshitib qanchalik quvonganimni so‘z bilan ifodalolmayman. Chunki o‘quvchi darsi tugab, maktabdan ketganidan so‘ng ham biror kor-hol bo‘lsa, o‘sha sinf rahbarining prokuraturama-prokuratura, hokimiyat-u ichki ishlar bo‘limlarida sarson bo‘lishini men ham boshimdan o‘tkazganman. Aybdor hamisha o‘qituvchi bo‘lgan. Qonun himoyachilari ham haqiqat kim tomonda ekanini bilsa-da, chorasiz edi. Birga dars tayyorlashga, tarbiya berishga “tirikchilik” tufayli sira vaqt topolmaydigan, ammo “2” olgan yoki ustozidan tanbeh eshitgan bolasining “toptalgan sha’ni”ni himoya qilish uchun vaqtini ham, pulini ham ayamaydigan ota-onalardan bezor edi. Yurtboshimizning 2019-yil 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlanti­rish masalalariga bag‘ishlangan video­selektor yig‘ilishida so‘zlagan nutqidan keyin o‘qituvchining hurmati va nufuzi yanada oshadi, degan umiddaman.

Hurmatli ota-onalar, farzandingiz yaxshi tarbiya topib, ilm olib kelajakda biror yutuqqa erishsa, “Mening farzandim”, deya mahalla-ko‘yda kerilib yura­siz. Kasbidan kamol topsa, huzurini ko‘radigan ham siz. Farzandingizni maktabda kutib olib, uyiga ketgunicha mas’ul bo‘lgan, tarbiyasizligiga “aybdor” o‘sha bechora o‘qituvchi emas. Farzand tarbiyani sizdan oladi. Qush uya­sida ko‘rganini qiladi. Shunday ekan, keling, hamma o‘z vazifasini bajarsin — siz tarbiya bilan shug‘ullaning, biz ta’lim bilan.

Sayyora G‘OZIYEVA, Jizzax shahridagi 18-maktab o‘qituvchisi

Free WordPress Themes