“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining Respublika bosqichi gʻoliblari aniqlandi - Dono.uz

“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining Respublika bosqichi gʻoliblari aniqlandi

Toshkent shahridagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichi oʻtkazildi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Yumor”, Jizzax viloyatining “Yulduzlar”, Sirdaryo viloyatining “Zoʻr-zoʻr”, Samarqand viloyatining “Pozitiv” va Toshkent viloyatining “Qibray yulduzlari” jamoalari ishtirok etdi.

Tanlovda ishtirokchilar “Final muborak” mavzusida tanishuv, biatlon, “Biz oʻqigan asarlar” satirada va “Do, Re, Mi, ….” musiqiy chiqish kabi shartlarda bellashishdi. Oʻquvchilar tanlov shartlari asosida oʻz qobiliyatlarini, zukkoligi va sahna madaniyatini namoyon etdilar.

Tanlov shartlari boʻyicha oʻquvchilarning chiqishlari 5 va 6 ballik tizimda baholab borildi. Ularni baholash uchun madaniyat sohasi xodimlari va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashlaridan mutaxassislar taklif etildi.

Tanlov yakuniga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Yumor” jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Samarqand viloyatining “Pozitiv jamoasi 2-oʻrinni egalladi, 3-oʻringa esa Jizzax viloyatining “Yulduzlar” jamoasi sazovor boʻldi.

Gʻoliblar tashkilotchilar va hamkor tashkilotlar tomonidan tayyorlangan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Xalq taʼlimi vazirligi hamkor tashkilotlarga, taʼlim muassasalarining pedagogik jamoalari va farzandlari taqdiriga befarq boʻlmagan ota-onalarni mazkur tanlovni tashkil etishdagi amaliy koʻmagi va samarali hamkorligi uchun oʻz minnatdorchiligini bildiradi.

Free WordPress Themes