Megabaytlar – bolangizning haqi - Dono.uz

Megabaytlar – bolangizning haqi

Bugun biror bolalar yozuvchisi, shoirini taniysizmi? Bugungilarini?

«Men bolalar uchun qo’limga qalam oldim» degan o’rta avlod, yosh yovlodni sanab ko’rganmisiz? Ularni sanashga barmoqlaringiz ortib qoladi. Chunki bolalar uchun yozadiganlar juda kam.

Bugun darsliklarimizdan o’rin olayotgan she’r va hikoyalarni dadam, katta akam, men o’qigandik va o’g’lim ham o’qiyapti. Sabab?

  1. Bolalar uchun yozmaymiz;
  2. Bolalar uchun yozolmaymiz;
  3. Bolalar uchun yozishni arzimas ish, deb hisoblaymiz;
  4. Bizda “o’ldim-kuydim”chilar ko’p, bolalar uchun yoza oladiganlar maktabi yo’qolgan.

Vaholanki, chop etilayotgan kitoblarimizning salmoqli qismi bolalarimiz uchun bo’lishi kerak. Bugungi davr bolasiga har qancha zo’r bo’lmasin, muttasil “katta avlod”ni o’qitib bo’lmaydi. Qon yangilanishi kerak. Xorijdan ham tarjima qilish yaramaydi. Xullas, bizga bolalar uchun yozadiganlar kerak! To’lqin Siddiq… Bu insonni Samarqandda juda ko’pchilik taniydi, radio va matbuot jurnalisti. Va bir vaqtning o’zida bolalar shoiri! Adabiyotshunoslikda tajribam kam, ammo To’lqin Siddiq tug’ma bolalar shoiri, deb hisoblayman. Sabab?

  1. Bola qalbi bor unda. Ikki daqiqada istalgan qaysar, tentak, zumrashaga “bobo” bo’lib oladi.
  2. Doim kulib turadi, undan ranjigan odamni tanimayman. Ikkita yuzi yo’q. Shaxsiyatiyam, iste’dodiyam talabga javob beradi. Bunday shoir farzandlarimiz uchun juda kerak. Shoirning ilk kitobi – “Elda aziz” “Yurist-media markazi” nashriyotida bepul chop etildi. Chunki bugun bolalar uchun yozayotgan fidoyilar kam. O’g’lingizga, qizingizga shu kitobni olib bering, xursand qiling. Shu oy kamroq megabayt ishlating, tushlikka to’rtta emas, ikkita somsa olib eng. Shu, atigi shuni aytmoqchiydim!

Isomiddin PO’LATOV

Free WordPress Themes