“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2019” respublika tanlovi va xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari taqdirlandi - Dono.uz

“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2019” respublika tanlovi va xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari taqdirlandi

2019-yilda Oʻzbekiston terma jamoasi xalqaro fan olimpiadalarda jami 8 medalni qoʻlga kiritdi. Jumladan, 11-22-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida boʻlib oʻtgan 60-xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) Oʻzbekiston jamoasi 1 bronza medal va 3 diplom, 14-21-iyul kunlari Vengriyaning Seged shahrida boʻlib oʻtgan 31-xalqaro biologiya olimpiadasida (IBO) 2 bronza medal, 21-30-iyul kunlari Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan 51-xalqaro kimyo olimpiadasida (IChO) 2 kumush va 2 bronza medal sohibi boʻldi.

Poytaxtimizda ushbu xalqaro fan olimpiada gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari hamda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2019” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda dastlab xalqaro olimpiadalar gʻoliblari hamda ularning oʻqituvchilari taqdirlanib, moddiy ragʻbatlantirildi.

Shuningdek ,“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2019” respublika tanlovi gʻolib va sovrindorlari ham taqdirlandi.

Joriy yil tanlovda 88 mingdan ziyod oʻqituvchi ishtirok etish istagini bildirgan. Tanlov uch bosqichda tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida 13 fandan oʻtkazildi.

Tanlov natijasiga koʻra, 34 oʻqituvchi gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinni egallagan gʻoliblar eng kam ish haqining 15, 12, 8 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Maʼlumot uchun, tanlovda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dars berayotgan oliy maʼlumotli, kamida uch yillik pedagogik stajga, ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega boʻlgan oʻqituvchilar ishtirok etishi, har bir oʻqituvchi faqat bitta fandan qatnashishi mumkin.

Free WordPress Themes