Sobiq oʻquvchilar oʻzlari oʻqigan maktabga kitoblar, sport anjomlari va oʻquv qurollari sovgʻa qildi - Dono.uz

Sobiq oʻquvchilar oʻzlari oʻqigan maktabga kitoblar, sport anjomlari va oʻquv qurollari sovgʻa qildi

Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanidagi 1-son ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatida mazkur muassasasini 2009-yilda tugatgan sobiq oʻquvchilarning “Yana bagʻringdaman, jonajon maktabim!” nomli uchrashuv tadbiri oʻtkazildi. Bu haqda «UzA» xabar berdi.
Mehmonlar maktab-internatda bugungi kunda oʻquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, dars jarayonlari bilan tanishdilar. Oʻzlari oʻqigan vaqtlardagi dars jarayonlari, ustozlari, bugungi kungacha erishgan yutuqlari haqida oʻquvchilar bilan oʻrtoqlashdi. Ayniqsa, sobiq bitiruvchilar bilan chet tillarida olib borilgan suhbat jarayoni qiziqarli boʻldi.

– Men ushbu taʼlim muassasasini bundan 14 yil oldin tugatganman, – deydi sobiq oʻquvchi Matyoqubova Mavluda – Biz oʻqigan davrda ham har bir oʻquvchining taʼlim olishi oʻqituvchilarimizning qattiq nazoratida boʻlardi. Tadbir davomida maktab – internati oʻquvchilarining bilimi va zehnini koʻrib hozir ham ushbu anʼana davom etayotganligiga amin boʻldim. Ayniqsa, oʻgʻil-qizlarning chuqur va puxta bilim olishlari uchun juda yaxshi sharoit yaratilgan. Qolaversa, oʻquvchi va oʻqituvchilarning keyingi yillarda turli tanlovlar va fan olimpiadalarida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, diplom va sovrinlarini koʻrib juda quvondik.

Taʼkidlash lozimki, Qoʻshkoʻpir tumanidagi 1-son ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internati Xorazm viloyatidagi nufuzli taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu muassasa 1996-yilda tashkil qilingan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi Xudayberganov Iskandar birinchi direktori boʻlgan. Ayni damda ushbu muassasada 40 dan ortiq oliy maʼlumotli oʻqituvchilar yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Ustozlarning ellik foizini oliy toifali pedagoglar tashkil qiladi. 2018-2019 oʻquv yilida fan olimpiadasining viloyat bosqichi natijalariga koʻra, mazkur maktab-internati Xorazm viloyati boʻyicha 500 dan ortiq maktablar ichida 1- oʻrinni egallagan.

photo5415972418050174209.jpg

– Muassasamiz 12 yildan ortiq vaqt mobaynida Fransiya davlatining “Sofi-Jermen” litseyi bilan birodarlik shartnomasini imzolab, doʻstona aloqalarni davom ettirib kelmoqda, – deydi maktab – internat direktori Bahodir Quriyozov. – Oʻtgan davr mobaynida mazkur taʼlim muassasasining tajribali pedagoglari kelib fransuz tili fani boʻyicha oʻz tajribalarini oʻrgatib ketishdi. Bu yerga Fransiya va boshqa mamlakatlardan, shuningdek, xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar tez-tez tashrif buyurib turadi. Ularning koʻpchiligi oʻquvchilarimizning xorijiy tillarga boʻlgan qiziqishlariga hamda olgan bilimlariga katta baho berib, mamnun boʻlib ketdilar. Bugungi tadbirimizni tashkil qilishdan asosiy maqsad bugungi yoshlarimizga nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan sobiq bitiruvchilarimizni oʻrnak qilib koʻrsatish, erishgan yutuqlarining asl manbai nimalarda ekanliklarini va davlatimizning gullab yashnashi, ravnaq topishi uchun mukammal bilimga ega boʻlishlari kerakligini koʻrsatish, ularning ortidan ergashtirishdan iborat.

Uchrashuv doirasida tashkil etilgan badiiy kechada sobiq bitiruvchilar jonajon maktablariga, oʻquvchi yoshlarni yanada yuqori saviyada taʼlim tarbiya olishlari uchun zarur boʻlgan 250 ta badiiy adabiyotlar, sport anjomlari, oʻquv qurollari va boshqa qimmatbaho sovgʻalarni topshirdilar. Shuningdek, maktab-internat hisobi raqamiga homiylik pul mablagʻlari oʻtkazdilar.

Tadbirda sobiq oʻquvchilar oʻz sinfdoshlari va aziz muallim – ustozlari bilan uchrashib, bundan bir necha yil oldingi bolalik va oʻsmirlik davrlarini, jonkuyar ustozlarining taʼlim-tarbiya berish yoʻlidagi fidoyiliklarini esladilar.

Free WordPress Themes