Oʻksik qalblarga quvonch ulashib... - Dono.uz

Oʻksik qalblarga quvonch ulashib…

Qarshi shahridagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyi 2018-yilda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qayta rekonstruksiya qilingan. 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan aqlan zaif va nogironligi boʻlgan bolalar yashab, tarbiyalanadigan muassasa qariyb yarim asr oldin tashkil etilgan. Ushbu internat uyining bugungi sharoiti va imkoniyati bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlarga boʻlgan Prezident gʻamxoʻrligi hamda eʼtiborining yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan mamlakatimizda nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish hamda ishga joylashtirish sohasidagi ishlar yangi mazmun kasb etdi. Jumladan farmonda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylarida vasiylikka olinganlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish, ularning reabilitatsiyasi va ijtimoiylashuvi samaradorligini oshirish belgilangan.

Bu kabi hayotiy talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, olib borilgan ezgu saʼy-harakatlar natijasida Qarshi shahridagi mazkur muruvvat internat uyiga ham yangi hayot kirib keldi.

– 1976-yilda faoliyat boshlagan muassasa oʻz imkoniyatlarini tamoman yoʻqotgan edi, – deydi Qarshi shahridagi “Muruvvat” nogiron bolalar uchun internat uyi direktori Roʻziqul Xoʻjayev. – 12 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurilish, taʼmirlash va qayta rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan internat uyi chin maʼnoda oʻksik qalblarda mehr nurini yoritdi. Qisqa muddatda bosh bino, oshxona majmuasi, qozonxona, issiqlik, ventilyatsiya tizimlari taʼmirlanib, hudud obodonlashtirildi. Yangi jihozlar bilan taʼminlandi. Bu ishlar nafaqat bolajonlar, balki, internat uyi xodimlari uchun ham qulaylik yaratdi.

Internat uyidagi har bir vosita tarbiyalanuvchilarni hayotga moslashtirish, ulardagi nuqsonlarni bartaraf etish orqali sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. U yerdagi jismoniy mashqlar oʻtkazish xonasi, psixolog – logopet xizmatlari, mehnat xonasi ham tarbiyalanuvchilardagi aqliy rivojlanishni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda ularning barchasi zamon talablariga mos andozada jihozlangan.

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan internat uyida davlat tashkilotlari, tadbirkorlar va homiylarning tarbiyalanuvchilar uchun bayram tadbirlari tashkil etilishi ham anʼanaga aylangan. Bu gal ham shunday boʻldi. Yakkabogʻ tumanidagi “Aziya mega stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari tomonidan bolajonlarga sovgʻalar ulashildi.

– Muqaddas vatanimizda inson qadri va manfaati ulugʻ ekanligi bugun ayni yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarda, ezgu amallarda ham oʻzining bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlmoqda, – deydi Yakkabogʻ tumanidagi “Aziya mega stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Erkin Toʻxtayev. – Buni Davlatimiz rahbari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarda ham yaqqol koʻrish mumkin. Amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga biz ham oʻz hissamizni qoʻshishni maqsad qilgandik. Shu bois bugun bolajonlarga turli xil oʻquv qurollari, badiiy kitoblar, yumshoq oʻyinchoqlar, shirinliklar olib keldik. Oʻksik qalblarga biroz boʻlsada xursandchilik ulasha olgan boʻlsak, biz bizning yutugʻimiz.

Shu kuni internat uyi tarbiyalanuvchilarining chehrasidagi tabassum, qalblarga koʻchdi. Yoshlar ittifoqi faollarining chiqishlari, bayram dasturi har bir bola davlat eʼtiborida ekanligini namoyon etdi.

Free WordPress Themes