O‘qituvchi faoliyatini litsenziyalashdan maqsad pul ishlash(mi)? - Dono.uz

O‘qituvchi faoliyatini litsenziyalashdan maqsad pul ishlash(mi)?

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilib O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan edi.

Ushbu qaror loyihasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, xalq ta’limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, o‘qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Umarov ushbu yangilik bo‘yicha to‘liq izoh berdi.

Xorijda o‘qituvchi uchun litsenziya beriladimi?

Maktablarda ayni paytda 461 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Tahlillar asosida aniq bo‘ldiki, ularning salohiyati unchalik yuqori emas. Bu holatda qanday qilib kadrlar masalasini ijobiy hal qilish mumkin?

Yetakchi davlatlar tajribasiga nazar solsak, AQShning har bir shtatida o‘qituvchi bo‘lish uchun alohida imtihon topshirilishi talab etilishiga guvoh bo‘lamiz.

Bunda maktab o‘z talablariga javob beradigan, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchiga dars o‘tish huquqini beruvchi sertifikat taqdim qiladi. Bundan tashqari, AQShda hamma shtatda dars berish huquqini beruvchi sertifikat ham berilishi mumkin.

Xuddi shunday tizim Yaponiya, Janubiy Koreya, BAAda ham mavjud.

Chet eldagi faoliyatim davomida turli davlatlarda ustozlik qilayotgan hamyurtlarimizni ko‘p uchrataman. Ular ham xalqaro o‘qituvchilik kasbiy litsenziyasi uchun imtihon topshirishgan. Biz ham zamonaviy tarzda jahon standarti asosida ishlash uchun ushbu tizimni joriy etishimiz zarur bo‘ladi.

Nega «litsenziya» so‘zini noto‘g‘ri tushunishyapti?

Ayni paytda ko‘pchilik san’at sohasida beriladigan litsenziya yoki boshqa turli taassurotlari tufayli xalq ta’limi tizimiga joriy etiladigan litsenziya haqida noto‘g‘ri fikrga boryapti.

Shuning uchun bitta misol keltirmoqchiman: jamoat transporti haydovchisi 60-70 nafar odamni o‘z manziliga yetkazib qo‘yishiga o‘rganib qolganmiz. Lekin agar haydovchining litsenziyasi bo‘lmasa, bu avtobusga chiqishga shaxsan men ikkilanaman. Yoki uchuvchining litsenziyasi bo‘lmasa, samolyotga ham ishonch bo‘lmaydi. Bu bilan aytmoqchimanki, har bir joyda kasbga kirish uchun imtihon bo‘ladi.

«Lisenziya imtihoni 3ta bosqichda bepul amalga oshiriladi…»

Xalq ta’limi tizimida kasbiy litsenziyalash maqsadining pul ishlash bilan bog‘liq joyi yo‘q. Imtihonlar bepul o‘tkaziladi.

Imtihon uchta bosqichda o‘tkaziladi:

O‘z fanini bilish bo‘yicha. Ayrim o‘qituvchilar borki, sohasi bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmaga ega emas. Masalan, ba’zi matematiklar berilgan masalani ishlay olmasligi mumkin. Shunday holatlar uchramasligi uchun bu bosqichda muallimlarning sohasi bo‘yicha bilimini tekshiramiz.
Pedagogik mahorat bo‘yicha. O‘qituvchi shunday dars berishi kerakki, o‘quvchilar uning darsidan qoniqishi zarur.
Psixologik barqarorlik bo‘yicha. Bu bo‘yicha ham o‘qituvchi talab darajasida bo‘lishi kerak. Lekin, afsuski, bu ko‘nikma hamma ustozlarda ham yetarli emas. Masalan, bir necha yil oldin o‘quvchilarining peshonasiga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Ta’lim tizimida ustozlarning bola bilan ishlay olish ko‘nikmasi yetarli darajada bo‘lishi kerak.
Imtihonlarni o‘tkazishda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish ham rejalarimizda bor.

«Lisenziyali o‘qituvchilarning maoshi oshiriladi…»

Ayni paytda o‘qituvchilarga imtihonlarni ko‘paytirmaslik uchun litsenziya imtihonini mavjud «Ikkinchi toifali o‘qituvchi» degan sinovning o‘rniga joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, litsenziya sinovini topshirgan o‘qituvchining oyligi bir necha barobar yuqori etib belgilanadi. Kezi kelsa, bunday o‘qituvchilarga alohida nishon beramiz.

Yaponiyada ustozlik nishoni bor odamlarga alohida hurmat ko‘rsatilishi haqida ko‘p eshitganmiz. Biz uchun bu xayoliy hikoya bo‘lishi mumkin, biroq xayoliy hikoyani nega hayotiy hikoyaga aylantira olmaymiz?

«Oliy toifali o‘qituvchilar ham sinovdan yaxshi o‘tmadi…»

Yaqinda Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilar bilimini aniqlash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi.

Natijalarga ko‘ra, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarimizning ham 30-45 foizi oddiy testlardan o‘ta olmadi.

Biroq malaka toifasini litsenziya tartibi bilan almashtirmoqchi emasmiz. Lekin maktabga ishga olinadigan ustozlarni tanlov asosida ishga qabul qilish mexanizmini yaratmoqchimiz.

Afzalliklar nimadan iborat bo‘ladi?

– Umumta’lim maktablari malakali, kompetensiyali, fikrlash doirasi keng bo‘lgan, doimiy ravishda o‘z ustida ishlaydigan mutaxassislar bilan ta’minlanadi;

– Lisenziyalash orqali o‘qituvchilar o‘zining bilim saviyasi, malakasi va kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish orqali oylik ish haqini oshirib borish imkoniga ega bo‘ladi.

– Ota-onalar yaxshi o‘qituvchilar ishlaydigan maktab qidirish tashvishidan xalos bo‘ladi.

Tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi

Alisher Umarovning ta’kidlashicha, kasbiy litsenziyalash tartibi bir necha yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tartibi belgilangan bo‘lib, kelasi yil imtihon topshirmaganlar ishsiz qolib ketadi degan turli gap-so‘zlar asossiz.

2021 yilda faqatgina 5 foiz o‘qituvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy litsenziya berish ko‘zda tutilgan.

«Istalgan o‘zini imtihonga tayyor deb hisoblagan o‘qituvchiga litsenziya beramiz va uning oylik maoshi oshiriladi», deydi Alisher Umarov.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda muhokamasi tugallangan «Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida»gi qaror loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda. Shundan so‘ng hujjat bo‘yicha boshqa tashkilotlar fikri o‘rganib chiqiladi va hujjat Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Free WordPress Themes