Bu yil 2100 umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan birorta ham yosh OTMga kirmadi - Dono.uz

Bu yil 2100 umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan birorta ham yosh OTMga kirmadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ta’lim tizimidagi muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar xususida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovning qayd etishicha, Sirdaryo viloyatida alohida loyihani amalga oshirish yuzasidan ishlar boshlangan.
– Viloyatni ta’lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilyapti, – dedi Alisher Umarov. – Bunda viloyatdagi 12 ming 261 nafar o‘qituvchini testdan o‘tkazish yuzasidan taklif berildi. Testlar Davlat test markazi tomonidan tayyorlandi. Birinchi o‘rinda “Davlat tilini ular qay darajada biladi?”, degan savol o‘rtaga tashlandi va sinab ko‘rildi. Achinarlisi, natijada o‘qituvchilarning 90 foizga yaqini davlat tilini yaxshi bilmasligi kelib chiqdi. Shu o‘rinda ikkinchi tomonini ham ta’kidlab ketish joiz, bizda umumta’lim maktablarida davlat tili qay darajada o‘tiladi va kirish imtihonlaridagi testlar qay ahvolda? Aniqki, institutga kirayotganlarga qo‘yilgan talablar boshqacha. Buni hatto o‘qituvchilar ham yaxshi tushunmas ekan. Shu bois ham o‘qituvchilarimiz mana shu imtihondan o‘tolmadi. Fan o‘qituvchilari o‘z fani bo‘yicha testdan o‘tkazildi. Lekin ijobiy baho olganlar juda kam. Ularning 66,8 foizi abiturientlarga qo‘yilayotgan talablarni bajara olmayotgani ko‘rinib qoldi. Bu achinarli hol. Bu degani, matematika fani o‘qituvchisi o‘quvchisini shu fandan oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlay olmasa, bu o‘qituvchiga farzandlarimizni ishonib topshira olamizmi? Avvallari tekshiruvchilar kelib, maktablarda nimani tekshirgani ma’lum. Endi bunday bo‘lmaydi. Endi o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi uchun choralar ko‘riladi. Talablar o‘zgaradi. Yomon baho olib, attestatsiyadan o‘tolmasa, u ishdan ketmaydi. Ularning har biri bilan individual reja asosida o‘z ustida ishlashi uchun imkoniyat yaratiladi.
Bundan buyon o‘qituvchilarning pedagogik qobiliyati, mahorati, psixologiyasi baholab boriladi. Xuddi shu loyiha Surxondaryo viloyatida ham amalga oshiriladi.
Yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablaridan qancha o‘quvchining bu yil oliy ta’lim muassasasiga kirgan-kirmaganligi o‘rganildi. 10 ming maktabdan 2 ming bir yuztasidan birortayam bola o‘qishga kirolmagan. Bu ta’lim sifati bilan bog‘liqligi hisobga olinib, o‘sha maktablar faoliyati tahlil qilinyapti.
Bundan tashqari, ona tili fani bo‘yicha o‘quvchilardan olingan diktant yozish topshirig‘ida poytaxt hududlar bo‘yicha hisoblanganda savod darajasi reytingida eng oxirgi o‘rinda turibdi. Bu Toshkentdagi ona tili fani o‘qituvchilariga bo‘lgan talabni o‘zgartirish kerakligini ko‘rsatyapti.
Free WordPress Themes