Namanganlik maktab o‘quvchisi Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II dan maktub oldi

Azizbek Mirzaxanov Namangan shahridagi 33-umumta’lim maktabida tahsil oladi. Ingliz tili va Buyuk Britaniya tarixidan tashqari mashhurlarning dasxatini to‘plashga ham qiziqadi.

— Qirolicha har kuni dunyoning turli davlatlaridan yuboriladigan o‘nlab maktublarni erinmay o‘qib chiqishi haqida o‘qigandim. Shundan keyin menda ham u kishiga xat yuborish ishtiyoqi tug‘ildi. Maktubimda O‘zbekiston, jumladan, o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Namangan shahri haqida hikoya qildim, ingliz tiliga qiziqishimni bildirdim, fotolar yubordim. Oradan uch-to‘rt oy o‘tib Vindzor qal’asidan javob xati keldi, — deydi Azizbek.

Javob xatida maktub uchun minnatdorlik bildirilgan va dasxat berish mavjud qoidalarga to‘g‘ri kelmasligi sababli qirolicha va uning turmush o‘rtog‘i fotosi yuborilgan.

Azizbekni aytishicha, kelgusida Buyuk Britaniyada o‘qishni niyat qilgan. Xobbisini ham tashlab qo‘ygani yo‘q: Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga ham dasxat so‘rab maktub yo‘llagan.

Ulashing | Поделись этим: