Har bir nojo‘ya xatti-harakatga jazo muqarrar - Dono.uz

Har bir nojo‘ya xatti-harakatga jazo muqarrar

Ijtimoiy tarmoqda uch nafar o‘quvchi tomonidan kaltaklanayotgan o‘quvchi videosi tarqatildi. Mazkur holat 2 dekabr kuni Shayxontohur tumanidagi 254-umumiy o‘rta taʼlim maktablaridan birida sodir bo‘lgan. 

Maktabning 8-“B” sinf o‘quvchilari R.R., А.M., А.O., S.M. va А.K. sinfda o‘zaro joy talashib, bir-birini haqoratlagan.

Tanaffus vaqtida maktab binosining 3-qavat koridorida uch nafar o‘quvchi R.R., А.O., А.M. o‘quvchi А.K.ni urgan.

Mazkur holatni S.M. o‘quvchi R.R. bergan uyali telefon apparatiga videotasvirga olgan. Ushbu tasvirga olingan videoni R.R. ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Xalq taʼlimi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari aralashuvi bilan mazkur holatga Shayxontohur tuman IIO FMB inspektori jalb etildi. Maktab maʼmuriyati, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasida surishtiruv ishlari olib borildi. Voyaga yetmagan huquqbuzarlar R.R., А.O. va А.M. ota-onalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi tartibida chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Shayxontohur tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasida ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Shayxontohur tumani Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi mazkur ishni o‘rganib chiqdi va 5 dekabr kuni yuqorida nomlari ko‘rsatib o‘tilgan o‘quvchilarning ota-onalari N.R.Muxitbekova, R.K.Mirzaev, O.O.To‘raev va F.M.Tursunovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga binoan jarima jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga, .R.Muxitbekovani onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha sudga daʼvo arizasi kiritiladi. Voyaga yetmagan o‘quvchi R.R. ni ixtisoslashgan maxsus muassasaga joylashtirish bo‘yicha hujjatlar tayyorlash ishlari boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, farzand tarbiyasiga birinchi o‘rinda ota-onalar masʼul. Ota-onalardan farzandlarini atroflaridagi odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatishni so‘raymiz.

Shu bilan birga, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, xususan bolalarning majburiy taʼlim olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilganlik uchun jarima miqdorini oshirish taklif etilmoqda.

Hozirda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Qonun loyihasiga ko‘ra, mazkur jarimani bir baravaridan besh baravarigacha oshirish taklif etilmoqda.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Taklifga ko‘ra jarima miqdori besh baravaridan o‘n baravarigacha tashkil etishi mumkin.

Bolalarning majburiy umumiy o‘rta taʼlim, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish — eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jarima o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha oshishi mumkin.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Qonun loyihasiga ko‘ra mazkur jarimani o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha oshirish taklif etilmoqda.

Free WordPress Themes