“Avloniy” badiiy filmining premyerasi boʻlib oʻtdi - Dono.uz

“Avloniy” badiiy filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Avloniy” badiiy filmining premyerasi oʻtkazildi.

Kartina namoyishiga kinoshunos olimlar, tarixchi va adabiyotshunoslar, xorijiy mehmonlar, Abdulla Avloniyning avlodlari taklif etildi.

…Kinosaroy XX asr tarixiy muhitini beradigan dekoratsiyalar bilan bezatilgan. Kino ixlosmandlari esdalikka suratga tushib, estetik zavq olishdi. Film ijodkorlari va nufuzli mehmonlar maxsus qizil yoʻlakdan kirib keldi.

Taqdimotni ʻOʻzbekkinoʻ milliy agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev ochib berdi. Ushbu filmning suratga olingani jadidchilar tarixini ochib berishga qaratilgan dastlabki qadam boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi. Soʻng kartina tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.

Film quyidagi soʻzlar bilan boshlanadi: “Umr boʻyi xalqimning maʼrifati, ozodligi uchun kurashdim. Haq yoʻl deya hurriyatga ergashdim…”.

Film Tohir Malikning “Qaldirgʻoch” asari motivi asosida suratga olingan. Ssenariy taniqli adib Tohir Malik va Muqaddas Usmonovalar qalamiga mansub. Film rejissyori Muzaffar Erkinov.

Kinoasarda Abdulla Avloniy rolini Xorazm teatri aktyori Alisher Yoʻldoshev ijro etgan. Filmda shuningdek, mahoratli aktyorlardan Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov, Abror Yoʻldoshev, Javohir Zokirovlar ishtirok etgan.

Avloniyni kitobxon shoir, dramaturg, murabbiy, ilk darsliklar muallifi, “Maktab”, “Nashriyot” shirkatlar muassisi, oʻzbek teatri asoschilaridan biri, “Turon” teatr truppasi tuzuvchisi deb biladi.

Filmda Avloniy oʻz diplomatik pozitsiyasiga ega shaxs va jamiyatning tipik vakili sifatida gavdalantirilgan. Filmda uning faoliyatidagi barcha sohalar qisman boʻlsa-da, tasvirlanadi. Shuningdek, avvaliga jadidchilar qatorida boʻlgan Avloniyning keyinchalik Shoʻrolar hukumatiga xizmat qilish sabablari, Afgʻonistonga qilingan safar barobarida uning oʻsha hukumatga nisbatan paydo boʻlgan qarshi fikrlari, millati va yurti uchun chin yurakdan jon koyitishi tasvirlanadi.

Shuningdek, filmda Abdulla Avloniyning 1919-yilda Afgʻonistonga qilgan diplomatik safari haqida hikoya qilinadi.

– Biz Avloniyning ijodkorligi, madaniyat va sanʼat rivoji yoʻlida qilgan ishlari bilan bir qatorda, uni jamoat arbobi, dono elchi ekanligiga ham urgʻu berdik, – dedi Muzaffar Erkinov. – Buni qanchalik uddaladik, bahosini tomoshabin beradi. Filmni yanada takomillashtirib, serial koʻrinishida tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilish niyatidamiz.

Mamlakatda ogʻir tuzum va inqirozli tizim kechayotgan bir davrda yashagan Avloniyning turlicha fikrlar, oqimlar, siyosiy qarashlar oʻrtasidagi kurashlarga nisbatan kechgan ichki tuygʻulari, millatining kelajagi uchun qilgan harakatlari film asosini tashkil etadi.

Maʼlumot uchun, film 7-dekabrdan yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etiladi.

Free WordPress Themes