Lyubinko Drulovich: “Bor diqqat-eʼtiborimiz Eron bilan oʻyinga qaratilgan” - Dono.uz

Lyubinko Drulovich: “Bor diqqat-eʼtiborimiz Eron bilan oʻyinga qaratilgan”

Tailand yashil maydonlarida futbol boʻyicha 23 yoshgacha oʻyinchilar oʻrtasida Osiyo chempionati start oldi.

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi musobaqaning “C” guruhidan oʻrin olgan boʻlib, ilk oʻyinini ertaga Eronga qarshi oʻtkazadi.

Bugun esa “Tinsulanon” stadioni anjumanlar zalida terma jamoalar ustozlari ishtirokida oʻyinoldi matbuot anjumani tashkil etildi, deyiladi uff.uz xabarida.

Unda Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi ustozi Lyubinko Drulovich quyidagicha fikr bildirdi:

– Oldinda bizni qiziqarli, lekin shu bilan birgalikda qiyin oʻtadigan musobaqa kutib turibdi. Guruhimizdan oʻrin olgan barcha jamoalar kuchli. Ayni paytda barchada imkoniyat bir xil. Har bir jamoa guruhdan keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Biz musobaqaga yaxshi hozirlik olib bordik. Oldinda bizni Eron bilan uchrashuv kutib turibdi. Shu oʻyinni foydamizga hal etgach, keyin qolgan bahslarga eʼtibor qaratmiz.

Tarkibga eng munosib deb bilgan futbolchilarni jalb etganmiz. Nasib etsa, barcha muxlislarni gʻalabalar bilan xursand qilishga harakat qilamiz, – dedi tajribali mutaxassis.

Oʻz navbatida Eron terma jamoasi ustoz Hamid Estili quyidagicha fikr bildirdi:

– Musobaqa oldidan barcha ishtirokchilarga omad tilayman. Har bir oʻyin shiddatli oʻtishi tayin. Guruhimizdan juda kuchli jamoalar oʻrin olishgan. Bilasizmi, 23 yoshgacha futbolchilar oʻrtasidagi musobaqalar negadir FIFA kunlaridan boshqa sanalarda oʻtkaziladi. Shu sababdan oʻyinchilarni tarkibga jalb etishda biroz qiynaldik. Har qanday musobaqada dastlabki oʻyin qiyin kechadi. Oʻzbekiston bilan bahs ham oson oʻtmasligi tayin. Lekin biz bor mahoratimizni ishga solishga urinamiz, – dedi Eron terma jamoasi ustozi.

Free WordPress Themes