Qoraqalpogʻiston hududida qushlarning 137 ta yangi turi aniqlandi - Dono.uz

Qoraqalpogʻiston hududida qushlarning 137 ta yangi turi aniqlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan Qoraqalpogʻiston hududida oʻtkazilgan tadqiqotda qushlarning 137 ta yangi turi aniqlangan. Jumladan, mintaqa ornitofaunasi uchun yangi 10 ta tur fanda rasman qayd etilgan. Bu haqda «UzA» xabar berdi.

Biologiya fanlari doktori Sveta Mambetullayevaning taʼkidlashicha, Orolboʻyi mintaqasida avval uchramagan “begunok”, “sharq klushasi” (vostochnaya klusha), uzun dumli chittak (dlinnaxvostaya sinitsa), kichik baliqchi qush (malaya chayka), Katta chittak (bolshaya sinitsa), kichik chipor qizilishton (malыy pyostrыy dyatel), kul rang kaklik (seraya kuropatka), snegir kabi yangi qush turlari paydo boʻlgan.

photo5238164835034836261.jpg

– Tajribalarimiz va oʻtkazgan tadqiqotlarimizdan kelib chiqib shuni taʼkidlashimiz mumkinki, Quyi Amudaryo gidrologik rejimining oʻzgarishi, Orol dengizi suvining kamayishi, shuning bilan bir qatorda antropogen taʼsirlarning kuchayishi janubiy Orolboʻyi tabiatining maʼlum darajada oʻzgarishiga olib kelgan edi, – deydi Sveta Mambetullayeva. – Shuningdek, delta zonalaridagi koʻpchilik koʻllarning yoʻqolishiga, oʻrmon massivlarining hamda saqlanib qolgan suv-botqoqlik akvatoriyalarining qisqarishiga hamda ushbu holatlar oqibatida qushlarning yashash sharoitining, suv va suv atrofidagi ornitofaunaning oʻzgarishiga sababchi boʻlgan edi. Suv atrofida yashovchi qushlarning soni kamaydi hamda koʻpchiligi yoʻqolib ketdi. Lekin Quyi Amudaryoda ekologik vaziyatlarning pasayishiga qaramasdan, hududda tabiiy muhitda baʼzi oʻtroq va koʻchmanchi qushlar uchun qulay sharoitlar ham yuzaga keldi.

Keyingi paytlarda Qoraqalpogʻiston hududidagi koʻllarga flamingo qushlari koʻpayish uchun ham kela boshladi. Jumladan, Moʻynoq qoʻltigʻidagi koʻllar tizimi boʻlgan Sudochye, Sariqamish, Jaltirbas, Shegekoʻl kabi koʻllar flamingolarning koʻpayishi uchun nihoyatda qulay joylar hisoblanadi.

photo5238164835034836265.jpg

Orolboʻyi hududida 272 ta tur umirtqali hayvonlar mavjud boʻlib, ulardan 49 ta turi yoʻq boʻlib ketish oldida turgan turlar hisoblanadi. Shulardan 11 turi baliq, 12 turi sut emizuvchi va 26 ta turi qushlardir.

Yoʻqolib ketgan hayvon turlardan Osiyo gepardi, Turon yoʻlbarsini aytib oʻtish mumkin. Yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan turlar sifatida uzun tikanli tipratikan, jayron, saygʻoq, asal boʻrsiq (medoyed), turkman qoraqoʻlogʻini taʼkidlash mumkin.

photo5238164835034836266.jpg

Hozirgi vaqtda Qoraqalpogʻiston hududida hisobga olingan 40 ta qush turi Oʻzbekiston Respublikasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

Yaqin vaqtlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 885 ming gektar maydonga ega boʻlgan yangi 4 ta – Sudochye koʻli tizimi (84,7 ming ga.), Aqpetkey (58,8 ming ga.), Beltau (188,3 ming ga.), Mejdurechye Aqdaryo – Qazaqdaryo (22,2 ming ga.) buyurtmaxonalari tashkil qilinishi boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu buyurtmaxonalar bioxilma-xillikning yanada rivojlanishiga keng imkon yaratadi.

Bundan 20 yillar avval Orol dengizining qurigan tubida 28 ming ga. maydonda ekilgan saksovulzorlar orasida hozirda hayvonot va qushlarning koʻplab turlari paydo boʻlgan.

photo5240015162780528093.jpg

Hozirgi paytda Orolning qurigan tubiga ekilayotgan choʻl oʻsimliklari kelgusida mintaqada nihoyatda yaxshi choʻl ekotizimining yaratilishiga zamin yaratadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq OʻzAda Oʻzbekiston uchun yangi tur – oddiy lazorevka (Cyanistes caeruleus) qushining aynan Ustyurtda qayd etilgani hamda tuzoq kameralarga kam uchraydigan hayvonlar va qushlar tushib qolganligi haqida xabar bergan edik.

Free WordPress Themes