Osiyo chempionati durang bilan boshlandi - Dono.uz

Osiyo chempionati durang bilan boshlandi

OSIYO ChEMPIONATI-2020
Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionati ilk o‘yinini olimpiya terma jamoamiz eronlik tengdoshlariga qarshi o‘tkazdi.
Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi mazkur musobaqada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi “S” guruhida Eron, Janubiy Koreya va Xitoy terma jamoalari bilan raqobatlashmoqda.
Songxla shahrida joylashgan “Tinsulanon” stadionida o‘tkazilgan mazkur o‘yinda futbolchilarimiz 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda futbolchimiz Islomjon Qobilov 40-daqiqada 11 metrlik jarima to‘pidan unumli foydalanib hisobni ochgan bo‘lsa, 58-daqiqada eronlik Rizo Dehqoni hisobni tenglashtirdi.
Shu tariqa, ilk uchrashuvda 1 ochkoga ega bo‘lgan Lyubinko Drulovich shogirdlari guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yinini 12 yanvar kuni, Xitoy olimpiya termasiga qarshi o‘tkazadi.
Free WordPress Themes