“Qizlar ovozi” klubi – yangi imkoniyatlar sari yo‘l - Dono.uz

“Qizlar ovozi” klubi – yangi imkoniyatlar sari yo‘l

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida xotin-qizlarimiz uchun ham keng imkoniyatlar yo‘li ochildi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun ulardan shijoat, bilim va qat’iyat talab etiladi xolos.
Bu haqda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yoshlar press-klubida bo‘lib o‘tgan “Qizlar ovozi” II respublika forumida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi doirasida tashkil etildi.
Forumda deputatlar, siyosat, ilm-fan, madaniyat sohasi vakillari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari, Yoshlar ittifoqi tizimida ishlayotgan qizlar, talaba-yoshlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Forumdan maqsad mamlakatimiz aholisining qariyb 30 foizini tashkil etadigan 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarni “Qizlar ovozi” klubi tarkibida birlashtirish va ularning muammolari yechimiga ko‘maklashishdan iborat. Shu maqsadda tadbirda qizlarning jamiyat va oiladagi mavqei, mas’uliyati, gender tenglik masalalari, loyihalar taqdimoti va psixologik treninglar tashkil etildi.
Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da bo‘lib o‘tgan “Qizlar ovozi” klubi koordinatorlarining o‘quv seminari haqida ma’lumot berildi.
Bu seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni yoshlar bilan uchrashuvida ko‘tarilgan muhim masalalar, jumladan, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ajrashishlarning oldini olish, ma’naviy-axloqiy masalalar mavzularida taqdimot hamda treninglar tashkil etildi.
Uch kun davom etgan o‘quv-seminarda turli mavzularda treninglar o‘tkazildi. Koordinatorlar barcha turdagi targ‘ibot materiallari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, forumda “Parlamentga saylov yakunlari: unda yosh xotin-qizlarning o‘rni”, “Qizlar ovozi” platformasi – yosh xotin-qizlar uchun yangi imkoniyat”, “Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishda san’at va madaniyatning o‘rni”, “Yosh xotin-qizlar migratsiyasi, ularning bandligini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Free WordPress Themes