Farzand tarbiyasiga eʼtibor – oʻzligimizga eʼtibor - Dono.uz

Farzand tarbiyasiga eʼtibor – oʻzligimizga eʼtibor

Ota-bobolarimiz farzand dunyoga kelgandan tortib, kamolga yetgunga qadar uning taʼminoti, tarbiyasi va bilim olishini taʼminlashni gʻurur, or bilan chambarchas bogʻliq burch, deb bilgan.

Milliy qonunchiligimizda ham bu oʻzining teran aksini topgan, yaʼni Konstitutsiyamizda, Oila kodeksida, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi, “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunlar, Prezidentimiz farmonlari va Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari bilan farzandlarimiz, yaʼni voyaga yetmagan bolalar manfaatlarining toʻlaqonli himoyasi kafolatlangan.

Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan qator chora-tadbirlar voyaga yetmagan, shuningdek, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, yoshlarni jismoniy va maʼnaviy yetuk inson qilib tarbiyalashda muhim omil boʻldi.

Ayniqsa, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimining joriy etilgani bolalar huquqini himoya qilishga qaratilgan yangi tizim boʻldi.

Shuningdek, mamlakatimizda 2019-yil 1-sentyabrdan qizlar uchun nikoh yoshi 18 yosh etib belgilandi. Har qanday sud muhokamasi davrida bola oʻz fikrini ifoda qilishga haqli ekani, vakolatli organlar (shaxslar) bola manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, jiddiy omil sifatida koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shartligi belgilandi. Va bu, oʻz navbatida, bolalar huquq va manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishni taʼminlashi shubhasiz.

Abu Homid Gʻazzoliy hazratlari “Bilgil! Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga koʻra shakllanadi, eggan tomonga egiladi… Agar bola yaxshilikka oʻrganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi. Agar bola eʼtiborsiz tashlab qoʻyilsa, yomonlik ichida oʻssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok boʻladi. Bunda gunoh yuki shu koʻyga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi” deb ogohlantirgani bejiz emas.

Shuning uchun ham farzand tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashish, bunda shaxsiy ibrat juda muhim omil ekanini unutmasligimiz joiz. Biz bugun farzandlarimiz tarbiyasiga beeʼtibor munosabatda boʻladigan boʻlsak, ertaga ana shu masʼuliyatsizligimizning achchiq mevasini albatta tatib koʻrishga toʻgʻri keladi.

Toʻgʻri, biron ota-ona farzandining jinoyatchi boʻlishini niyat qilmaydi. Ammo voyaga yetmaganlar orasida bugun jinoyat sodir etilayotganini qanday izohlash, sababini qayerdan izlash lozim?

Tahlillardan koʻrinishicha, ayni paytda bunga sabab boʻlayotgan bir qancha omillar mavjud.

Birinchidan, ota-onaning farzandni dunyoga keltirganidan keyin uning taqdiriga befarq qarab, ajrashib ketishi bolaga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatib, uning jinoyat olamiga kirib kelishiga sabab boʻlmoqda.

Bu ogʻriqli muammoni bartaraf etish haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida toʻxtalib oʻtdi. Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajralishlarning oldini olish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.

Qayd etish kerakki, Asosiy qonunimizning 64-moddasida ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari qayd etilgan.

Ammo ajrashib yashayotgan ayrim ota-onalar farzandlarining tarbiyasida umuman ishtirok etmasligi, hatto farzandi moddiy taʼminotini ham ixtiyoriy amalga oshirmayotganligi achinarli holat.

Buni birgina 2019-yilda 3 ming 218 fuqarodan sudning hal qiluv qarori asosida, 45 ming 459 fuqarodan sud buyrugʻi orqali farzandlari taʼminoti uchun aliment undirish belgilanganligida, 5 ming 31 ota farzandini taʼminlashdan bosh tortganligi uchun maʼmuriy, 90 ota esa jinoiy javobgarlikka tortilganida koʻrish mumkin.

Ikkinchidan, ota-onalarning farzand tarbiyasiga beeʼtiborligi, oʻz farzandining tarbiyasini birovlarga ishonishi ham salbiy holatlar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Xususan, bugungi kunda ayrim ota-onalar katta orzu-niyatlar bilan, yaʼni farzandini yaxshiroq moddiy taʼminlash, uning toʻyini zoʻr oʻtkazish, sarposini bekamu-koʻst qilish niyatida bolasini qari ota-onasiga, qarindoshi yoki tanish-bilish, qoʻni-qoʻshnisiga tashlab, oʻzlari boshqa yurtga pul topib kelish uchun ketayotgani sir emas. Lekin ular farzandiga ayni tarbiya ham mehr berish lozim boʻlgan vaqtni yoʻqotayotganligini, buning oʻrnini keyinchalik moddiyat bilan qoplab boʻlmasligini bilavermaydi. Bilganida esa kech boʻladi.

Bugungi kunda jinoyat sodir etib, jazo oʻtayotgan voyaga yetmaganlarning asosiy qismini ajrashgan yoki boshqa yurtga ishlash uchun uzoq muddatga ketgan ota-ona farzandlari tashkil etayotganligi fikrimizning dalilidir.

Yana bir shunday salbiy holat borki, bugun Mehribonlik uylarida aksariyat otasi ham, onasi hayot, lekin ajrashgan oila farzandlari tarbiyalanmoqda. Bugun ular davlat qaramogʻida, hamma narsasi toʻkin boʻlsada, ular oʻz ota-onasining mehriga zor.

Zero, xalqimizning mehr bergan mehr koʻradi, degan oʻgiti bejiz aytilmagan. Agarda, biz bugun farzandlarimizga mehr koʻrsatmasak, ertaga bir kun oʻzimiz ularning mehriga zor boʻlishimiz muqarrar. Buni turli bahona bilan bolalarini Mehribonlik uyiga tashlab, oʻz halovatini koʻzlab yurgan ota-onalar oʻylab koʻrishi, jamoatchilik bunga munosabat bildirishi kerak.

Uchinchi yana bir sababi, oiladagi oʻzaro munosabatlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani yoki ota-onaning spirtli ichimlik ichishga ruju qoʻygani, yaʼni, bir soʻz bilan aytganda, oila boshliqlarining oʻzi tarbiyaga muhtojligida koʻrinadi. (2019-yilda 1 ming 150 ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. 2 ming 71 ga yaqin ota-onaning spirtli ichimlik ichishni suiisteʼmol qilgani va boshqa sabablarga koʻra muomala layoqati cheklangan).

Bolalar jinoyat yoʻliga kirishining sabablaridan yana biri, voyaga yetmagan farzandlarimizning ongiga salbiy taʼsir etayotgan turli axborotlar, xususan internetda tarqatilayotgan zoʻravonlik va fahsh maʼlumotlar boʻlib, ularni ushbu taʼsirlardan juda ehtiyot qilishimiz lozim.

Sir emas, maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurtlari taʼlim-tarbiya maskanlari hisoblanadi, lekin ushbu dargohlarning asosiy vazifasi bilim berishga qaratilgan. Bir yoki bir necha oʻqituvchi koʻp sonli oʻquvchilar har birining tarbiyasi bilan alohida shugʻullanishi amalda mumkin emas. Shuning uchun ham farzandlarimiz tarbiyasini birgina taʼlim muassasalariga yuklab qoʻyish toʻgʻri boʻlmaydi.

Nima qilish lozim, degan tabiiy savol tugʻiladi.

Davlatimiz rahbari mamlakat yoshlari bilan uchrashuvida ayni masalalarda toʻxtalib, muammolarni bartaraf etish, yoshlarimizni komil inson qilib tarbiyalash borasida kompleks chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Prezidentimizning farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga boʻlgan eʼtiborini oʻzligimizga va kelajakka eʼtibor deb bilib, yosh avlodga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, sogʻlom oʻsishi, toʻgʻri tarbiya hamda taʼlim olishini taʼminlash ota-onalar, davlat va jamoat tashkilotlari, barchamizning burchimizdir.

Xolmoʻmin YODGOROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi
raisining oʻrinbosari.

Free WordPress Themes