Toshkentda okeanarium barpo etiladi - Dono.uz

Toshkentda okeanarium barpo etiladi

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi negizida zamonaviy va yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bogʻi barpo etilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar istirohat bogʻi qurilishini koʻzdan kechirdi.

Mazkur bogʻ konsepsiyasida milliy meʼmorlik anʼanalari va zamonaviy shaharsozlik talablari uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Istirohat bogʻi loyihasi Avstraliyaning “Sanderson Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Qayd etish kerak, ushbu kompaniya dunyodagi eng zamonaviy 50 dan ortiq parklar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etgan.

67ceed2b-60fd-0494-cd39-a3863581b2d9.jpg
55e3fff8-c1e3-0770-0039-2557e4fbac5f.jpg

Davlatimiz rahbariga loyihani tayyorlash va amalga oshirish jarayoni haqida maʼlumot berildi.

Bogʻ hududi 21 gektar boʻlib, dunyo arxitekturasi durdonalari namunalari, amfiteatr va musiqali favvora, attraksionlar va oilaviy hordiq chiqarish uchun boshqa obyektlar, yirik savdo-koʻngilochar markaz, qasr-saroy koʻrinishidagi tantanali marosimlar uchun joy, bolalar kafesi va koʻngilochar maydoncha barpo etilishi moʻljallangan.

Hudud musaffoligini taʼminlash maqsadida boqqa kashtan, qaragʻay, yapon soforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi. Bogʻdagi 70 va 100-yillik daraxtlar saqlanib qolishiga eʼtibor beriladi.

474d3cf9-d2cb-6e8b-fe1c-d105c3160fa7.jpg
93b8fee7-5bae-ae6c-a9a9-55077334ce8b.jpg

Vazirlar Mahkamasining 2017-yildagi tegishli qarori asosida bunyodkorlik ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.

Birinchi bosqichda 9 gektar yer maydonida qurilish-obodonlashtirish ishlari bajariladi. Zamonaviy okeanarium, 650 oʻrinli zamonaviy amfiteatr, 57 metrli qasr, musiqali favvora, turli binolar, bolajonlar uchun yopiq oilaviy koʻngilochar markaz, kinoteatr, 600 oʻrinli avtomobillar turargohi quriladi. Uni joriy yilning toʻrtinchi choragida foydalanishga topshirish moʻljallangan.

Bogʻdagi eng noyob boʻlgan inshootlardan biri okeanariumdir. Bu yerda 22 ta akvarium boʻladi. Ularning sigʻimi 100 litrdan 1 million litrgacha. Okeanarium akula, skat, meduza, osmenog kabi yigirmadan ortiq turdagi noyob jonivorlar parvarishlanadi.

2febf7e8-d32a-de99-9464-02e61359c1d3.jpg
ba14ad1f-0d91-f67f-d7dd-48006b9c3dfa.jpg

Yana bir ahamiyatli jihati, hududdagi binolarni qurishda Barselona, Parij, Moskva, London, Amsterdam, Rim, Venetsiya. Praga, Vena, Berlin kabi dunyoga mashhur shaharlardagi arxitektura namunalaridan foydalanildi. Hududda ushbu shaharlarning oʻziga xos taomlari, shirinliklari tayyorlanadi va shunga xos muhit yaratiladi.

Ushbu bosqichda 1200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ikkinchi bosqichda 12 gektar hududda bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Bu yerda asosan, attraksionlar, akvapark va saylgohlar quriladi. Dunyoga mashhur “Disneylend“ parkining attraksionlari nusxalaridan foydalanish moʻljallangan. Italiya, Germaniya va AQSHning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan shunday eng zamonaviy attraksionlar keltirib oʻrnatiladi.

1cd74c22-778c-876b-8c57-9758c2a5be65.jpg
0910841f-0fdf-0e2f-3b76-46deb80f41f0.jpg

Milliy bogʻ hududidagi koʻl saqlab qolingan va xalqaro standartlar asosida rekonstruksiya qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur maskan poytaxtimiz aholisi va mehmonlarning sevimli dargohlaridan biri boʻlishi kerakligini, odamlar hordiq chiqarishi uchun barcha zarur qulayliklar, atrof-muhit musaffoligini taʼminlaydigan infratuzilma barpo etish lozimligini taʼkidladi.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi sifatli madaniy hordiq chiqarishni tashkil etish va odamlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazilishini taʼminlaydi, Toshkent shahrining turistik jozibadorligini oshiradi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot boʻldi.

Free WordPress Themes