20 ta maktabda dzyudo seksiyalari tashkil etiladi - Dono.uz

20 ta maktabda dzyudo seksiyalari tashkil etiladi

Dzyudo asoschisi Zigoro Kano mazkur kurash sanʼatini barkamol shaxsni shakllantirish vositasi, deb hisoblagan. Uning fikriga koʻra, dzyudo qurolsiz himoya emas, balki kundalik hayot falsafasidir. Dzyudochilarning sharaf kodeksi xushmuomalalik, jasorat, samimiylik, halollik, kamtarlik, oʻzini tuta bilish, doʻstga sadoqat hamda boshqalarga hurmat kabi fazilatlarni oʻz ichiga oladi.

Shu bois ham ayni sport turini oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mamlakatimizning yigirmata umumtaʼlim maktabida “Maktablarda dzyudo” dasturini amalga oshirishga kelishib oldi.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, IJF prezidenti Marius Vizer, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha hamkorlik bitimini imzoladi.

“Maktablarda dzyudo” IJF loyihasi boʻlib, dasturning asosiy maqsadi 5-12 yoshli bolalarni dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarga oʻrgatishdan iborat.

Endilikda mazkur dastur mamlakatning turli hududlaridagi 20 ta maktabni qamrab oladi. Ushbu maktablarda 900 nafarga yaqin oʻquvchining dzyudo bilan shugʻullanishi uchun toʻgaraklar tashkil etilgan.

photo5258150769562070285.jpg

IJF dasturni amalga oshirishda maslahat va moliyaviy koʻmak berish orqali Milliy dzyudo federatsiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Dastur doirasida IJF tomonidan har bir maktabga bir dona tatami va bolalar uchun 50 ta kimono taqdim etiladi, murabbiylarga haq toʻlanadi. Bu esa Oʻzbekistonda dzyudo sportini rivojlantirib, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishga imkon yaratadi.

Yangi kelishuv amalga oshirilishi jarayonida dastur joriy etilgan maktablar soni 40 taga yetadi.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus yurtimiz maktablarida faollik bilan amalga oshirilmoqda, – deydi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. – Ikkinchi tashabbus – yoshlarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirish, ularning sport sohasida qobiliyatlarini namoyon etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamda IJF hamkorligi nafaqat boʻlgʻusi chempionlarni, balki barkamol avlodni tayyorlashga imkon beradi. Biz hamkorlik uchun minnatdormiz. Umid qilamizki, “Maktablarda dzyudo“ dasturi yanada koʻproq umumtaʼlim muassasalarini qamrab oladi.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida sport seksiyalariga 1,1 milliondan ortiq oʻquvchi jalb qilingan.

Free WordPress Themes