Bolalarga bering dunyoni bir kun…

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlab “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida Toshkent shahridagi 37-imkoniyati cheklangan bolalar maxsus maktab-internati tarbiyalanuvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Тadbirni Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonining o‘rinbosari, polkovnik Davron Usmonov va zaxiradagi polkovnik Aleksandr Xarlamovlar ochib berdi. Ular nutqi davomida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bolajonlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘zladi.

Shundan so‘ng bolajonlar O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida tashkil etilgan tomoshaga va harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol-aslahalar hamda harbiy texnikalarning maketlari ko‘rgazmasiga taklif etildi.

Teatr oldida ular harbiy orkestrning jangovar musiqa sadolari ostida kutib olindi. Namoyish etilgan “Olovuddinning sehrli shamchirog‘i” spektakli esa o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar o‘quvchilarga ularning dunyoqarashini o‘stirishga ko‘maklashadigan turli o‘yinchoqlar, mo‘yqalamga qiziqadigan yoshlar uchun rangli qalam, bo‘yoq va kichik molbertlar, o‘quv qurollari va sport anjomlari hamda kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun kiyim-kechaklar sovg‘a qilishdi.

– bugungi kun o‘zgacha bo‘ldi. Ustozlarimiz bilan teatrga kirib kelar ekanmiz, bizni qarshi olgan harbiy libosdagi insonlarga havasimiz yanada ortdi. Spektakl ham o‘zgacha. Undan olgan xulosam shu bo‘ldiki, yaxshilik doim yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi. Endi yanayam ko‘proq yaxshilik qilishga harakat qilaman, – dedi shu maktab o‘quvchisi Abbos Temirov.

Darhaqiqat, dunyo bolalar nigohi bilan go‘zal, yana-da beg‘ubor. Ularning shodliklariga sherik bo‘lib shoir aytganidek, “Bolalarga bering dunyoni bir kun” degingiz keladi.

Shohsanam NISHONOVA, 
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi

Ulashing | Поделись этим: