Brayl yozuvidagi kitoblar taqdimoti - Dono.uz

Brayl yozuvidagi kitoblar taqdimoti

O‘zbekiston Madaniyat vazirligida yangi nashrdan chiqqan brayl yozuvidagi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oqilova va boshqalar bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
2019 yilda Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasining brayl yozuvida kitob chop etuvchi maxsus bosmaxonasida 11 nomdagi mingdan ortiq kitob chop etilgani katta natijadek ko‘rinishi, ammo bu ko‘rsatkich ko‘zida nuqsoni bor kitobxonlar uchun kam ekani aytildi.
– Kitob insonni ma’rifatga yetaklaydi, – deydi Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Gulchehra Sultonmetova. – Kutubxonamizda 500 dan ortiq audiokitob mavjud. Viloyatlardagi bo‘limlarimizni ham ushbu audiokitoblar bilan ta’minlaganmiz. Brayl yozuvidagi kitoblar markazning o‘zida 20 mingdan ortiq. Ko‘zida nuqsoni bor kitobxonlar uchun brayl yozuvidagi kitoblarni o‘qish audiokitoblardan ko‘ra foydaliroq. Chunki brayl yozuvidagi kitoblar kishi savodini charxlayli, to‘g‘ri va bexato yozishida yordam beradi. Kutubxonamiz badiiy, siyosiy va ijtimoiy adabiyotlar bilan boyimoqda. Bu esa kitobxonlarni yanada ko‘proq jalb qilmoqda.
Brayl yozuvida kitob chop etuvchi maxsus bosmaxona faoliyati aks etgan videorolik namoyish qilindi. Yangi chop etilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi (rus va o‘zbek tilida), nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin”, Muhammad Yusufning “Qizg‘aldog‘im”, Xilda Xukxemning “Yetti iqlim sultoni”, To‘lepbergen Qaypbergenovning “Mamanbiy afsonasi” asarlari taqdim etildi.
Free WordPress Themes