Dostonbek MDHning eng yaxshi talabasi bo’ldi

So’nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar ta’limi va tarbiyasiga e’tibor kuchaydi. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki yangi O’zbekistonni bugungi yoshlarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Bugungi davr yoshlardan tashabbuskorlikni, yangilikka intilishni, dunyoda bo’layotgan o’zgarish va yangiliklardan xabardorlikni talab qiladi.

Barcha sohadagi yuksalish va taraqqiyotga ilmsiz, ma’rifatsiz erishish mushkul. SHu bois mamlakatimizda ta’lim sohasi tubdan isloh qilinmoqda, ilm-fan rivojiga e’tibor va rag’bat kuchaydi. Bu, albatta, o’z samarasini bermoqda. Buni yoshlarimizning erishayotgan yutuqlari misolida ham yaqqol ko’rish mumkin.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti iqtisodiyot fakul`teti 3-bosqich talabasi Dostonbek Rustamov Qozog’istonning Nursulton shahrida onlayn tarzda o’tkazilgan “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” xalqaro tanlovida “Raqamli iqtisodiyot va innovasiyalarni boshqarish” yo’nalishi bo’yicha ishtirok etdi. O’zbekistonlik talabaning ilmiy ishi, qo’lga kiritgan yutuqlari hakamlar hay’atini befarq qoldirmadi.  U yakuniy natijalarga ko’ra g’olib deb topildi va “MDHning eng yaxshi talabasi-2020” yozuvi tushirilgan ko’krak nishoni va diplom bilan taqdirlandi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — MDH davlatlari oliy ta’lim muassasalari talabalarini qo’llab-quvvatlash, ilm-fan, texnika rivojlanishiga hissa qo’shayotgan yoshlarni aniqlash va rag’batlantirishdan iborat.

— Ushbu tanlovga ikki yil tayyorgarlik ko’rdim, — deydi ­Dostonbek Rustamov. — Pandemiya sababli bellashuv onlayn tarzda tashkil etildi. Uch bosqichda o’tkazilgan tanlovda 14 mamlakatdan 274 nafar iqtidorli talaba ishtirok etdi. Men raqamli iqtisodiyot va innovasiyalarni boshqarish yo’nalishi bo’yicha qatnashdim. Asosiy raqiblarim Ukraina va qirg’izistonlik tengdoshlarim  bo’ldi.

ZOOM orqali ingliz tilida tashkil etilgan uchrashuv avvalida ilmiy ishlari  va erishgan yutuqlari orqali saralab olingan ishtirokchilar ikkinchi bosqichga tavsiya etildi. Unda mutaxassislik va mantiq fanidan test bo’lib o’tdi.

Dostonbek Rustamov bugungi kunda Blokchain texnologiyalarini joriy etishga doir katta loyiha ustida ish olib boryapti. Yagona global raqamli iqtisodiyot tizimiga ulangan har qanday ishlab chiqarish, ­ayirboshlash, taqsimot va qayta taqsimot shaffof holda ko’rinadi. Hududlar va vazirlik­lardan olingan hisobotlar “Blokchain” ma’lumotlari bilan solishtirilganda, qaysi tizim va hududda bankdan tashqari aylanmalar borligi aniq ko’rsatib beriladi. Dostonbekning mazkur izlanishi tanlov hay’ati a’zolari e’tiborini qozondi.

— Joriy yilda “Inson kapitalini raqamli iqtisodiyot asosida rivoj­lantirish yo’nalishlari” nomli kitobim chop etildi, — deydi Dostonbek Rustamov. — Kitobda raqamli iqtisodiyot nima, unga qanday o’tiladi, bu boradagi xorij tajribasi,  raqamli iqtisodiyotning salbiy va ijobiy tomonlari kabi masalalar yoritilgan. Kitob ingliz va o’zbek tillarida chop etildi. Bugungi kunda u Amazon sayti orqali sotilmoqda. Uning sotilayotganini ko’rib, ich-­ichimdan ham quvonaman, ham faxrlanaman. Bu meni yanada katta loyihalar ustida ishlashga undayapti.

Navoiy nomidagi stipendiya sohibi Dostonbek Rustamov ko’plab xalqaro tanlov va loyihalar sovrindori. U “Yil talabasi-2019” tanlovining “YEFIT” nominasiyasi g’olibi bo’lgan bo’lsa, joriy yilda ana shu tanlovning “YO‘MBBT” nominatsiyasida oliy o’ringa munosib ko’rildi.

Dostonbek ayni paytda o’qish bilan birga jamoat ishlarida ham faol ishtirok etayapti. Masalan, u 2019-2020 o’quv yilida Iqtisodiyot fakul`teti huzurida tashkil etilgan “Students Co-working Centre” (O’zbekiston Respub­likasi Prezidenti tomonidan yoshlar uchun ilgari surilgan besh tashabbus asosida talabalar bilan faoliyat yuritish) markazi rahbari, fakul`tet Yoshlar ittifoqi raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Ulashing | Поделись этим: