JAMOAT TRANSPORTI TOZALIGIGA RIOYA QILING! - Dono.uz

JAMOAT TRANSPORTI TOZALIGIGA RIOYA QILING!

0207137Uzog’imizni yaqin qilishda jamoat transportining hissasi katta. Shu bois, yurtimizda aholiga transport xizmati ko’rsatish sifatini oshirish masalasiga katta e’tibor qaratiladi. Bugun poytaxtimiz, qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlarida yangi, zamonaviy avtobuslar xizmat ko’rsatmoqda. Poytaxtimizda aholiga ko’rsatilayotgan transport xizmati sifati yaxshilanib, yo’nalishlar tarmog’i optimallashtirildi va ma’muriy-boshqaruv sarf-xarajatlarini kamaytirishga erishildi. Yo’nalishlar masofasining uzoqligi va yo’l haqi uchun to’lovning arzonligi bo’yicha avtobus va tramvaylar hamon eng ko’p foydalaniladigan jamoat transporti bo’lib qolmoqda.

BILASIZMI?

O’zbekistonda 1920 yil boshlariga qadar ot-ulov asosiy transport vositasi bo’lib xizmat qilgan. Dastlabki avtobus qatnovi 1906 yilda Farg’ona – Marg’ilon marshrutida yo’lga qo’yildi. Toshkentda birinchi avtobus 1909 yilning dekabr oyidan qatnay boshladi, 1910 yilga kelib poytaxtimizda chet elda ishlab chiqarilgan 8 ta kichik va 1 ta 40 o’rinli avtobus bor edi. 1921 yilda esa respublika avtomobil` transporti ixtiyorida 40 ta yengil va 15 ta yuk avtomobili hamda Toshkent avtomobil` ta’mirlash ustaxonasi faoliyat yuritgan.

Respublikamizda 1999 yildan boshlab Samarqand shahridagi «Sam-KochAvto» qo’shma korxonasida avtobuslar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi.

BIR KUNDA 1,3 MILLION NAFAR YO’LOVCHI

Poytaxtimizda har kuni shahar jamoat transporti xizmatidan qariyb 1,3 million kishi foydalanadi. Har bir yo’lovchi jamoat transportida o’zini tutish madaniyati va tozalikka rioya etish haqida o’ylashi kerak. Qulay va ozoda jamoat transporti iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismigina bo’lib qolmay, balki shahar haqidagi ilk tasavvurni ham shakllantiradi.

Bugun shahrimiz bo’ylab o’nlab yo’nalishlarda Mersedes-Benz va Isuzu rusumidagi qulay, shinam avtobuslar qatnamoqda. Yaqinda ular safiga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yangi Samauto LE 60 avtobusi ham qo’shildi.

“Toshshahartransxizmat” uyushmasi xodimlari jamoat transportlarining samarali faoliyat ko’rsatishini ham nazorat qilmoqda. Har kuni yo’nalishlar bo’ylab umumiy uzunligi 3550 kilometrdan iborat 25 mingga yaqin transport qatnovi amalga oshiriladi.

AVTOBUSDA MADANIYATNI UNUTMANG!

Jamoat transportlari muntazam ravishda tegishli sanitariya-gigiena jarayonlaridan o’tkazilishi ularni toza va ozoda holatda saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Afsuski, ko’ngilni xira qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Masalan, ayrim yo’lovchilar avtobus saloniga pista po’chog’i, qog’oz, plastmassa idishlar tashlab yoki o’rindiqlarga saqich yopishtirib ketishadi. O’rindiqlar, hatto salon shiftidagi ko’plab yozuvlar, burab chiqarilgan boltlar ham ayrim yo’lovchilarning jamoat transportida o’zini tutish madaniyatini bilmasligidan dalolat beradi. Axir jamoat transportini toza va ozoda saqlash, undan unumli va samarali foydalanish nafaqat transport xizmati xodimlarining, ayni paytda barcha yo’lovchilarning ham vazifasi.

Bilib qo’ygan yaxshi

AVTOBUS — HAMMA UCHUN

Avto (mobil`) va lotincha (omni) dus — hamma uchun degan ma’noni bildiradi. Ular vazifasiga ko’ra, shahar, shaharlararo, shahar atrofi avtobuslari va maxsus avtobuslarga bo’linadi. Avtobuslar ikki qavatli qilib ham ishlanadi. Ular 110 km/soatgacha tezlikda yura oladi. Uzunligi 5 m.dan 24 m.gacha.

Avtovokzal — shaharlararo avtobus liniyalarining oxirgi va oraliq punktlarida yo’lovchilarga xizmat ko’rsatadigan inshootlar majmui. Avtovokzal binosida yo’lovchilar zali, dispetcherlik xonasi, omonatxonalar, bemorlar, bolalar xonalari va perronlar bo’ladi. Shuningdek, avtovokzal avtobuslar harakatini boshqarib turish uchun avtosignalizatsiya, radioaloqa va televizon qurilmalar bilan jihozlanadi.

Shoh JAHON tayyorladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes