Zamon bilan hamohang qadam tashlagan muallim - Dono.uz

Zamon bilan hamohang qadam tashlagan muallim

Prezidentimiz eʼtirof etganidek, kelajakni yaratishda, ertangi kunni bunyod etishda taʼlim-tarbiya, maktab, maʼrifat dargohlarida farzandlarimizni ilm-u tafakkur va komillik sari yetaklovchi oʻqituvchilarning oʻrni beqiyos

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi 5-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining oliy toifali oʻqituvchisi Qobiljon Qosimov zamon bilan hamohang qadam tashlashi barobarida yoshlarni ham ilm-fan choʻqqilari sari shaxdam yetaklab borayotgan salohiyatli, mahoratli, fidoyi ustozlardan.

Namangan davlat universitetini tamomlab, informatika, matematika fani muallimi sifatida ish boshlagan ilk kezlardan shunga odatlangan. Toʻgʻrirogʻi, oʻquvchilik davridan informatika, matematika, kompyuter texnologiyalari uning jon-u dili. Informatika olamining sehri universitetga yetaklab, muallim sifatida maktabga qadam qoʻygan 1995-yilni kechagidek eslaydi. U tinimsiz oʻqib-oʻrganar, ustozlar tajribasini kuzatar, sohaga oid adabiyotlarni muntazam kuzatar va amalda ulardan oqilona foydalanardi. Shuning uchun ham tez orada oʻziga xos tajribaga ega, salohiyatli pedagog sifatida tilga tushdi. Natijada 2000-yilda uni iqtidorlilar maskani – Chortoq tumanidagi 5-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatiga taklif etishdi.

U 500 dan ortiq koʻrgazmali vositalar va slaydlar, 10000 ga yaqin test savollari jamlangan test banki, 50 dan ziyod harakatdagi modellar yaratdi. Oʻquvchilarga mavzuni oʻrgatish bilan cheklanmadi, ular bilan muntazam ravishda “Zakovat”, “Oʻyla, izla, top!”, “Bilimdon” kabi koʻrik-tanlovlarni oʻtkazib, dars jarayonida olgan bilimlarini mustahkamlashga, tafakkurini boyitishga, informatika fanini va axborot texnologiyalarini mukammal oʻrganishiga koʻmak berdi.

Eʼtiborlisi, Chortoq tumanidagi 5-DIMI umumtaʼlim maktablari orasida kam uchraydigan oʻz nashriga ega ilm dargohlaridan. Oʻquvchilarning iqtidori, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotgan ilmiy, metodik, badiiy “Umid” jurnali ham aynan uning tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, ayni paytda ham Qobiljon Qosimov oʻzi boshchiligida ijodkor oʻquvchilarni, izlanuvchan oʻqituvchilarni atrofiga jamlagan holda jurnal faoliyatini yuritib kelmoqda.

Qobiljon Qosimov 2018-yil avgustda Janubiy Koreya taʼlim vazirligi, Janubiy Koreya taʼlim va taraqqiyot fondi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminarda oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, sertifikat sohibi boʻldi.

Faoliyati davomida xorijiy hamkorlar bilan muloqot doimiylik kasb etgan. Shuning natijasida Yaponiyaning Nagoya universiteti professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda bir qator ilmiy maqolalar tayyorlagan. Uning www.Qobiljon.uz sayti nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻlgan. 2018-yilda Rossiya federatsiyasi Fanlar Akademiyasining 15 ming rubl miqdoridagi sovrinini, shu yili sentyabrda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining “Oʻz kasbining ustasi” tanlovi gʻolibligini, 2019-yil dekabrda esa Microsoft kompaniyasi mukofotini qoʻlga kiritdi.

Muallimning oʻquvchilari muntazam ravishda fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” hamda turli tanlovlar, musobaqalarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Jumladan, ular orasida Rossiyaning Sank-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro onlayn musobaqa, shuningdek, 2019-yilda Al-Xorazmiy nomidagi respublika fan olimpiadasining I darajali diplomi sohiblari bor.

Zamon qahramonlarini el-yurt ravnaqiga daxldorlik, yosh avlod kamoli yoʻlida jonsaraklik, fidoyilik va tashabbuskorlik yaratadi. Ana shu fazilatlar mujassam boʻlgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilimdoni, mahoratli informatika, matematika fani oʻqituvchisi Qobiljon Qosimov bu eʼtirofga munosib, kelajagimizni yanada yuksak marralar sari yetaklashiga ishonamiz.

Free WordPress Themes