Festival gʻoliblari taqdirlandi - Dono.uz

Festival gʻoliblari taqdirlandi

Samarqand shahridagi 61-eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Umumtaʼlim maktablarida 5 tashabbus” festivali gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov, senator Farmon Toshev, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Saidahmad Usmonov ishtirok etdi. Mehmonlar Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishishdi.

Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar oʻquvchilarni oʻqish va izlanishda, boʻsh vaqtidan unumli foydalanishda, ularni turli illatlardan samarali himoya qilishda 5 tashabbus muhim ahamiyatga ega boʻlganini eʼtirof etishdi. “Umumtaʼlim maktablarida 5 tashabbus” festivali gʻoliblariga ushbu tashabbuslarni hayotga tatbiq etish uchun musiqa asboblari, sport anjomlari, hunarmandchilik asbob-uskunalari topshirilayotgani festivalning amaliy ahamiyatini yanada oshirganini taʼkidlashdi.

– Oʻquvchilarimizni majburlab oʻqitish, ularni tartib-intizomga chaqirish mushkul, bu ayni paytda samarasizdir, — deydi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Dilshod Kenjayev. — Ularni qiziqishlari doirasida sportga, sanʼatga, kompyuter texnologiyalarini puxta oʻzlashtirishga jalb qilsak, albatta, ijobiy samarasini beradi. Buning uchun umumtaʼlim muassasalarimizda yetarli sharoit ham boʻlishi zarur. Ana shundan kelib chiqqan holda biz tanlov gʻoliblariga kompyuter jamlanmalari, turli musiqa asboblari, sport anjomlari va kiyimlari, hunarmandchilik asbob-uskunalaridan iborat sovgʻalar topshiryapmiz. Ayni paytda imkoniyati cheklangan farzandlarimiz uchun ham boshqalar bilan teng sharoit yaratish, tengdoshlaridan kam boʻlmasligini taʼminlashga eʼtibor qaratyapmiz. Kelgusida bunday tashabbuslar safini yanada kengaytiramiz. Yaʼni, Navroʻz bayrami arafasida ham respublika umumtaʼlim muassasalari oʻrtasida xuddi shunday tanlov oʻtkazamiz. Qiymati bugungidan ham qimmatbaho sovgʻalar topshirib, maktablarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlab, oʻquvchilarning taʼlim muassasasining oʻzida foydali mashgʻulotlar bilan band boʻlishiga sharoit yaratamiz.

Tanlov natijalariga koʻra, 5 ta yoʻnalish boʻyicha har bir hududdan 5 ta birinchi, 5 ta ikkinchi va 5 ta uchinchi oʻrinlar jami 210 ta videorliklar gʻolib va sovrindorlari aniqlandi. Jizzax, Buxoro va Navoiy, Samarqand viloyatlaridan gʻolib boʻlgan maktab rahbarlariga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Festivalda Samarqand shahridan 4 ta, Ishtixon, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon tumanlaridan 2 tadan, Kattaqoʻrgʻon shahri va Narpay tumanidan 1 tadan umumtaʼlim maktablari 5 ta yoʻnalish boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Samarqand shahridagi 61-eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda 58-umumtaʼlim maktabi jamoasi festivalning ikkitadan yoʻnalishi boʻyicha gʻolib, deb topildi. Tadbirda barcha gʻolib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. “Barkamol avlod” hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablarining iqtidorli oʻquvchilarining musiqiy chiqishlari barchaga xushkayfiyat bagʻishladi.

Free WordPress Themes