“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi qanday o‘tkazilishini istaysiz? - Dono.uz

“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi qanday o‘tkazilishini istaysiz?

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tanlovni 2020-yilda yuqori saviyada, adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida www.idea.itsm.uz sahifasida maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada tanlovda qanday sinov turlaridan foydalanish, nechta bosqichda o‘tkazish hamda shaffoflik va adolatni ta’minlash bo‘yicha takliflaringizni qoldirish imkoni yaratildi. Muhokama joriy yilning 31-yanvariga qadar davom etdi, so‘ng barcha fikr-mulohaza va takliflar o‘rganilib, natijalar e’lon qilinadi. Ta’lim jarayonidagi har bir yangilikka hozirjavob “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi a’zolarining ushbu tanlov borasida ham aytar so‘zi bor.

Shoira TURDIBEKOVA, Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchisi:

— O‘tgan yili “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida qatnashib, sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritganman. Shu yuzasidan quyidagi takliflarni bermoqchiman:

1. Tanlovda qatnashish uchun ham muddat belgilansa (natijadan tashqari, shunda har safar o‘sha-o‘sha ustoz qatnashmaydi).

2. Baholashda o‘qituvchining shu kunga qadar erishgan yutuqlarini ham hisobga olish kerak.

3. Keyinchalik pedagoglarning ish tajribasi haqida ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, ko‘rsatuvlar tayyorlansa.

4. Sovrinli o‘rin olgan ustozlarning darslari yosh mutaxassislarga metodik yordam sifatida nashr etilsa.

5. Faqat respublikada emas, shahar, tumanda ham yuqori o‘rin egallaganlar­ning darsi, metodikasi va boshqa tajribalari davriy nashrlarda chop etilsin. Chunki bu ko‘pchilikka ibrat bo‘lar edi.

Shirinay ABDIJAMILOVA, Xo‘jayli tumanidagi 6-maktab o‘qituvchisi:

— Bu tanlovning birinchi navbatda nomini o‘zgartirish kerak. Masalan, “Zamonaviy pedagog”, “Ilg‘or muallim” va hokazo. Eng muhim jihati, tanlovning maktab bosqichida barcha o‘qituvchilar qatnashishi shart. O‘qituvchilar tanlovga tayyorlanish munosabati bilan ham o‘z ustida ishlaydi. Qolaversa, kitobxonlik bo‘yicha shart qo‘shishni ham taklif qilgan bo‘lardim.

Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:

— Avvalo, tanlovning barcha bosqichlarida testni onlayn tarzda o‘tkazish kerak. Ikkinchidan, kompyuterda dars ishlanma yozganda uning o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi va sifatiga alohida e’tibor berish zarur. Hakamlar ko‘proq rejada ko‘rsatilgan ballarga mos yozilganligiga qarashadi. Dars ishlanmasi barcha bosqichlarda bo‘lishi tarafdoriman. Ijtimoiy tarmoqlardagi ovoz to‘plash — bu korrupsiyaning bir ko‘rinishi. O‘qituvchi­ning ishiga mutaxassis bo‘lmagan insonlar baho berishi noto‘g‘ri. Notanish sinfda notanish o‘quvchilarga tanlangan mavzu asosida o‘tilgan darsga eng yuqori ball berish lozim.

Oysha KARIMOVA, Ellik­qal’a tumanidagi 40-maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi:

— Tuman, viloyat bosqichlari quyidagi shartlar asosida o‘tsa yaxshi bo‘lar edi: 1-shart — test sinovi, 2-shart — dars ishlanma yaratish, 3-shart — dars o‘tish. Tanlovning respublika bosqichidagi shartlarga biroz o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. “Facebook” yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ovoz to‘plash sharti nojoiz. Uning o‘rniga o‘qituvchining erishgan yutuqlari, o‘quvchisining yutuqlari, ijodkorligi (maqolalari, to‘plamlari), shaxsiy portfoliosi baholansa yaxshi bo‘lardi. 1-shart natijalari 2-shart tugamaguncha e’lon qilinmasligi kerak. Chunki ayrim hakamlar birinchi shart natijalariga qarab, ikkinchi shartga ball qo‘yishiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Test sinovlarining respublika bosqichiga hakamlar kerak emas. Tuman, viloyat bosqichlaridan g‘olib bo‘lib respublika bosqichiga yetib borgan o‘n to‘rt nafar o‘qituvchi g‘olib sanalishi tarafdoriman. Chunki respublika bosqichida ishtirok etayotgan barcha o‘qituvchilar juda faol, bir-biridan kam emas. Nahotki, bir yilda bir fan bo‘yicha respublikamizda o‘n to‘rt nafar yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi bo‘lmasa… Respublika bosqichida faqat dars ishlanma yaratish, dars o‘tish sharti yetarli. Birinchi kuni barcha ishtirokchilar dars ishlanma yaratsa, ikkinchi kuni o‘sha dars ishlanma asosida dars o‘tsa-yu, ishtirokchilar bir-birining darsini kuzatib, tahlil qilsa, metod, tajriba almashsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Dilnoza BOQIYEVA, Yakka­bog‘ tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi:

— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituv­chisi” tanlovida qatnashadigan ustozlar­ning ta’lim nashrlari bilan qanchalik yaxshi aloqa yo‘lga qo‘ygani va ommaviy axborot vositalarida chiqishlari, qolaversa, gazeta, jurnallar bilan hamkorliklariga ham e’tibor qaratilishi kerak.

Dilfuza G‘AZNAYEVA, Sirdaryo tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:

— Ushbu tanlovning dars ishlanmasi yozish sharti o‘rniga o‘qituvchining ijodkorligi, ixtirochiligini ko‘rsata oladigan ilmiy qarashlari aks etgan maqolalar, tavsiyalar yaratish sharti kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tanlov bahona bir qan­cha ixtirolar, kashfiyotlar, ajoyib ilmiy qarashlar dunyo yuzini ko‘rsa, ne ajab?!

Zulayho MAMATQULOVA, Toshloq tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:

— Rossiyaning “Yil o‘qituvchisi” tanlovida har bir o‘qituvchining fidokorona mehnati ijtimoiy tarmoq va televideniye orqali yoritib borilar ekan. Bizda ham bu tanlovning respublika bosqichi ommaviy axborot vositalari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritilishi kerak. Bu jamiyatda o‘qituvchilarning nufuzi yana bir karra oshishiga olib keladi. “Yosh kitobxon” tanlovi teleekranda berilgach, kitobxonlar safi kengaydi. Bu orqali faol o‘qituvchilar ham ko‘payar edi. Joriy yil tanlov g‘oliblari katta pul mukofotlari bilan taqdirlandi. G‘olib o‘qituvchilar bundan ko‘proq rag‘batga munosib, nazdimda.

Dilnoza JUMANOVA, Nukus shahridagi 48-IDUM o‘qituv­chisi:

— “Yosh kitobxon” tanlovida bo‘lgani kabi bu tanlov ham yosh toifalari yoki pedagogik ish staji bo‘yicha tashkil qilinsa deyman, negaki yosh o‘qituvchilar bilan katta tajribaga ega ustozlar o‘rtasida ham pedagogik tajriba, ham boshqa jihatlarga ko‘ra farq bor.

Adolatxon SOBIROVA, Urganch shahridagi 8-IDUMI o‘qituvchisi:

— Kitob o‘qigan, g‘azal yodlagan o‘quvchiga ravo ko‘rilgan avtomashina nega shunday o‘quvchilarni o‘qitayotgan, yutuqlarga erishishida madad, sababchi bo‘layotgan, tajribasi, bilimini butun respublikaga namoyish qila olgan ustoz­larga berilmaydi? Dalada ikki kun paxta terib yoki she’r yozib, viloyat hokimidan “Spark” olgan bir shoirchalik qadri yo‘qmi o‘qituvchining?!

Shahnoza BERDIQULOVA, Oq­qo‘r­g‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituv­chisi:

— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituv­chisi” tanlovida har bir fanning o‘z muta­xassislaridan tuzilgan hay’at a’zolari bo‘lishi kerak. Mana shu tuzilgan jamoa tuman miqyosidagi tanlovga ham bevosita va bilvosita aloqador bo‘lishi lozim. Ayrim tumanlarda tanlov shartlari ko‘r-ko‘rona baholanadi. Chunki hay’at a’zolari talabga javob bermaydi. Viloyat bosqichidagi dars o‘tib berish jarayonida qatnashchilar bir soatda (vaqtni tejash maqsadida) 4-5 ta darsni bir vaqtda o‘tib beradi, lekin hakamlar har xil fan o‘qituv­chilari bo‘lishadi. Aslida ular erinmasdan har bir o‘qituvchining darsiga kirib, kuzatishi lozim. Bir kunda ulgurishmasa, ikki kunda o‘tkazishsin. Axir bu kichik tanlov emas-ku, bu uchun qancha o‘qituvchilar­ning mehnati singgan.

Asadullo SANAQULOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:

— “Yilning eng yaxshi fan o‘qituv­chisi” tanlovi juda o‘rinli tashkil etilgan. Fikrimcha, ushbu tanlovda ishtirok etuv­chi o‘qituvchilarning mazkur o‘quv yilida erishgan yutuqlari va ko‘rsatgan natijalari hisobga olingan holda da’vogarlarni tanlab olish kerak. Shunda uning saviyasi oshadi. Bundan tashqari ushbu tanlov jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Gulchehra TOHIROVA, Gijduvon tumanidagi 61-IDUM O‘IBDO‘:

— Ushbu tanlovni tashkil etishda, eng avvalo, uning o‘qituvchi uchun iqtisodiy yuk bo‘lmasligini hamda oltinga teng vaqti tejab qolinishini hisobga olish muhim deb o‘ylayman. Tanlov shartlari ustozlarning bevosita faoliyatiga bog‘lansa, masalan, shu paytgacha qilgan ishlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari, o‘quvchilarining bilim sifati, faoliyati va hokazolar o‘rgani­lib chiqilsa. So‘ng hay’at a’zolari tomonidan baholansa. Bitta mavzudagi darsi emas, ishi davomida bir necha darslarini tahlil qilishsin. O‘quvchi uchun nima beryapti uning bilimi? Tajribasini oshira olganmi? Pedagogik mahoratga egami? Shularni biroz ko‘proq muddat o‘rganishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bitta dars bilan kimga baho bera olamiz?

Free WordPress Themes