Bo‘lajak informatiklar o‘rtasida intellektual musobaqa o‘tkazildi (video) - Dono.uz

Bo‘lajak informatiklar o‘rtasida intellektual musobaqa o‘tkazildi (video)

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 269-son umumta’lim maktabida «Bo‘lajak informatiklar – intellektual musobaqa» tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari B.Olmatov, vazirlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i N.Tursunovlar qatnashdi.

Barcha sinflardan jami 311 nafar o‘quvchi mazkur intellektual musobaqada qatnashdilar. Ishtirokchilar 4ta yo‘nalishda: «Paint — ranglar jilosi» (Paint dasturida rasm chizish), «Mohir barmoqlar», «Microsoft Excel – aniqlik garovi» (biznes reja ishlab chiqish) va «Raqamli ta’lim» (Power Point dasturida slayd tayyorlash) bahs olib bordilar. G‘oliblar final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

2020-yil 29-yanvar kuni 269-son umumta’lim maktabida musobaqaning final bosqichi va g‘oliblarni taqdirlash tadbiri o‘tkazildi. Murosasiz kechgan final bosqichida har bir yo‘nalishdan 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan 12 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi. Ularga vazirlik va 269-son umumta’lim maktabi ma’muriyatining medal, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Iqtidorli yoshlar erishgan yutuqlarida ustozlarning o‘rni va hissasi beqiyos, albatta. O‘quvchilarga kompyuter savodxonligi bo‘yicha bilim berayotgan informatika o‘qituvchilari Rajabov Asliddin, Turg‘unova Shirinxon va Ergashev Xurshidga vazirlik nomidan «Faxriy yorliq» hamda maktab direktori Z.Najimxo‘jayevaga «Tashakkurnoma» topshirildi.

Taqdirlash marosimi yakunida AKT vaziri o‘rinbosari B.Olmatov o‘quvchilarni tabriklab, ularga axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘z bilimlarini yanada oshirishlari va kelgusida nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar. Shuningdek hozirda respublikamizda «Bir million dasturchi» loyihasi amalga oshirilayotganligi, ushbu loyihada barcha o‘quvchilar qatnashishi mumkinligi hamda buning uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

Free WordPress Themes