Toshkent matematika maktabiga asos solgan olimni bilasizmi?

Vatanimiz tarixidagi 4 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1879 yil (bundan 141 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Vsevolod Ivanovich Romanovskiy dunyoga keldi (uning tavallud sanasi eski yil hisobi bo‘yicha 22 noyabr, yangi hisob bo‘yicha 4 dekabr. Vafoti 1954 yil). U 1918 yildan to umrining oxirigacha – qariyb 36 yil davomida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida professorlik qildi. Ushbu taniqli olim Toshkent matematika maktabiga asos soldi.

Vsevolod Romanovskiy ehtimollar nazariyasi va matematik statistikaga katta hissa qo‘shdi. 1943 yil 28 yoshida 64 yoshli ustozi bilan akademiklikka saylangan Toshmuhammad Sarimsoqov, keyinchalik 46 yoshida akademik bo‘lgan Sa’di Sirojiddinov kabi taniqli matematik olimlar uning shogirdlari hisoblanadi. 1954 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutiga uning nomi berildi. U 2004 yilda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

1917 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Sovetining qaroriga ko‘ra shu yili saylangan o‘z o‘zini boshqarish organi – Toshkent shahar dumasi tarqatib yuborildi. Shahar xo‘jaligini boshqarish esa Toshsovetga topshirildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Toshkent shahar dumasi 40 yil davomida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, shuning 37 yilining o‘zida, ya’ni 1877 yildan 1914 yilgacha 1280 marta majlis o‘tkazgan.

Shahar dumasi shahar jamoat boshqarmasining farmoyish beradigan organi bo‘lib, Toshkentda 1877 yili joriy qilingan edi. Duma boshlig‘i va a’zolari saylov yo‘li bilan tayinlangan bo‘lib, ularning uchdan ikki qismi Yangi shahar, uchdan bir qismi Eski shahar aholisi yuqori tabaqalaridan iborat bo‘lgan. Deputatlar 4 yilga saylangan.

Shahar dumasi shahar xo‘jaligi, obodonchilik, sog‘liqni saqlash, xalq maorifi, shahar savdosi va soliqlar ustidan nazorat qilib turgan. Unda shahar hokimi (boshlig‘i) va uning muovinlari, doimiy va muvaqqat Komissiyalar raislari va a’zolari saylangan. Hukumat shahar dumasi faoliyatini nazorat qilib turgan. Duma qarorlari general-gubernatorning ijozatidan so‘ng kuchga kirgan.

1918 yil (bundan 102 yil oldin) – viloyat Xalq maorifi Kengashi yig‘ilishida Samarqand Xalq konservatoriyasini ochish masalasi muhokama etildi. U 1919 yilda o‘lka Xalq xo‘jaligi Kengashi hamda viloyat Xalq ta’limi bo‘limining qarori bilan tashkil etildi.

Konservatoriyaning direktori lavozimiga opera dirijyori G.B. Bauer tayinlandi. Konservatoriyada fortepiano, torli musiqa cholg‘usi, puflab chalinadigan, xalq cholg‘ulari, opera va xor qo‘shig‘i, estetika kabi bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘qish muddati ikki yil bo‘lib, mashg‘ulotlar yakka va guruh tartibida olib borildi.

1934 yil (bundan 86 yil oldin) – mikrobiolog olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mashhura Mavloniy tavallud topdi. U – O‘zbekistonda sanoat mikrobiologiyasi asoschisi. Markaziy Osiyoda ilk bor sanoat mikroorganizmlari kolleksiyasini yaratgan.

2002 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 900 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2002 yil (bundan 18 yil oldin) – Germaniyaning Bonn shahrida “Alpomish” dostonining nashr etilishiga bag‘ishlangan tantanalar o‘tkazildi. Unga O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi Boltayev ham taklif etildi.

2016 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi”gi qonunga muvofiq muqobillik va sog‘lom raqobat asosida Prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda 88,61 foiz ovoz bilan Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylandi.

2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV

Ulashing | Поделись этим: