Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi - Dono.uz

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi

Ma’rifatparvar adibning so‘nggi kunlari

Notinch 1919 yilning yozida Buxoro amirligi hududiga kiruvchi Qarshi shahrining zindoniga tutash kimsasiz maydonda mudhish voqea yuz berdi — to‘rt begunoh inson qatl etildi. Maqtullardan biri — mashhur ma’rifatparvar adib, “Oyina” jurnalining muharrir va noshiri Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning ikki sherigi – Mardonqul Shomahmud o‘g‘li va Mahmudxo‘ja O‘rinboy o‘g‘li bo‘lib, bular qatorida Qarshi begining mahrami, zindonbon Ahmad degan kishi ham qatl etilgan edi. Aytishlaricha jallodlar mahkumlarning o‘zlariga o‘z qabrlarini qazishni majbur qilishgan, so‘ng ularni o‘lim oldidan namoz o‘qib olishlariga ham yo‘l qo‘ymay oldin Mahmudxo‘ja Behbudiyni, so‘ng boshqalarning bo‘yinlariga pichoq tortib, boshlarini tanlaridan judo qilishgan, tayyor chuqurlarga ko‘mib, o‘rni bilinmasin uchun yer bilan bir qilib tekislab yuborishgan.

Xo‘sh, bu bechoralarning gunohlari nima edi, Behbudiy hazratlarining muborak qoni nima uchun to‘kildi? Bu muammolarni yechish uchun avvalo ushbu qatlda bosh “gunohkor” sanalgan Mahmudxo‘ja Behbudiy kim edi, degan savolga javob berilishi lozim.

Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida mullo Behbudxo‘ja oilasida tavallud topadi, uning otasi o‘qimishli kishi bo‘lib, asli turkistonlik, ulug‘ avliyo zot bo‘lmish Ahmad Yassaviy avlodlaridan edi. U ko‘p o‘tmay vafot etadi va yosh Mahmudxo‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiqning tarbiyasida voyaga yetadi. So‘ng Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olib, shariatning yuksak lavozimlari — qozi va mufti darajasiga erishadi. U boshqa qozilar singari o‘z tinchini ko‘zlab, bilganicha hukm chiqarib, oilasi bilan to‘q yashab, yetarlidan ortiqroq boylik orttirib yurishi mumkin edi. Ammo qalbi pok, aqli tiyran bu zot bu yo‘ldan bormadi, u olamga qalb ko‘zi bilan boqdi, undagi haqsizlik, adolatsizliklarni ko‘rdi, xalqning dardu alamini dilgir yuragi bilan chuqur his etdi.

Mahmudxo‘ja o‘z millatining taqdiri uchun qayg‘urdi, vatan ravnaqi uchun yo‘l izladi. U taraqqiyotni ilmu ma’rifatda deb bildi, kishilarni ilmga, ziyoga chorladi, jaholatu bid’atdan qochishga undadi. “Dunyoda yashamoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, boy bo‘lmoq u yoqda tursin, ro‘zg‘or tebratish uchun ham ilm kerak”, — dedi u yurak-yuragidan kuyinib va yoshlarga ilm berish uchun maktablar ochdi, darsliklar yozdi, odamlarga dunyoviy ilm berishning eng ilg‘or yo‘li bo‘lgan yangi — jadidchilik g‘oyalarini yoqlab chiqdi. Necha zamonlardan beri kishilar ongini qoplab kelayotgan jaholatni quvish uchun teatr

tomoshalari yozib, namoyish ettirdi, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini chiqarib, elga ilmu ma’rifat yoymoqchi bo‘ldi. Olamni yetuk ziyraklik bilan kuzata olgan bu komil inson dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy hodisalarga ham o‘z munosabatini bildirmasdan tura olmadi. Chunonchi, u asr boshida Rossiyada siyosiy harakatlar boshida turgan firqalarga baho berar ekan, sotsial-demokratlarning dasturi xayoliy ekanligini, shariatga to‘g‘ri kelmasligini 1906 yildayoq ro‘y-rost aytgan edi.

Istilochi chor Rossiyasining istibdodi biroz bo‘shashgach, Behbudiy milliy-ozodlik kurashida faol ishtirok etdi, istiqbol uchun jon kuydirdi, Turkiston muxtoriyatining asoschilaridan biri bo‘ldi.

Muxtoriyat qonga botirilgach u bolsheviklar davrida ham maktab-maorif sohasida biroz ishladi, ammo bu hukumatning zo‘ravonlik siyosatiga aslo qo‘shila olmadi. Shunday bir vaziyatda, ya’ni 1919 yilning bahorida u ikki maslakdosh do‘stlari bilan “haj qilish” uchun deya, ammo o‘zlariga va Yaratganga ayon bo‘lgan rejalar tufayli chet elga borish uchun yo‘lga tushadilar va Shahrisabzda Buxoro amirligi odamlari tomonidan hibsga olinadilar. Bu yerda ikki oy zindonda hibsda saqlanganlaridan so‘ng ularni Qarshiga olib keladilar. Aytishlaricha Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning qo‘lga olingan sheriklari bilan Buxoro amirligi tomonidan qo‘yilgan Qarshi begi Tog‘aybek o‘rtasida shunday savol-javob bo‘lib o‘tadi:

— Sizlar kimsizlar, nima uchun hibs qilingansizlar? — deb so‘raydi bek.

— Bizlar Baytullohni ziyorat etmak uchun Samarqanddan chiqg‘on edik, yo‘lda amir ma’murlari “sizlar jadid, kofir va tilchi” deb bizni qo‘lg‘a oldilar. Taftish qilinsun, bizning gunohsizligimiz shoyad ma’lum bo‘lar, — deydi Behbudiy hazratlari.

— Sizlar jadid va kofirdirsiz. Buxoroga janob oliyga tig‘ tortqon sizning maslakdoshlaringiz emaslarmi? Sizlarni o‘ldirmoq kerak. Sizlar qutilmoq uchun Baytullohga bormoqni bahona etib ko‘rsatasiz, — deydi bek.

Behbudiy va uning yo‘ldoshlari qo‘lga olinganlarida bekning birinchi mahrami va zindonboni bo‘lgan Ahmad ismli kishi Behbudiyni tanib, unga qo‘lidan kelgancha muruvvat ko‘rsatishga harakat qilgan edi. U begunoh bandilarga achinib, ularni ozod qilish umidida bekka:

— Taqsir, bularning ishlari haqiqatlab ko‘rilsa, gunohlari aniqlanib, keyin jazo berilsa bo‘lardi, — deb o‘rtaga tushadi. Bunga javoban bek g‘azablanib:

— Endi bildimki, sen ham jadid ekansan, chunki jadidlarga tarafdorlik qilayapsan. O‘ldurulaturg‘on jadidlar uchta edi, endi sen bilan to‘rtta bo‘ldi, seni ham o‘ldurmak kerak, — deb uni ham zindonga qamashni va amirdan farmoyish kelishi bilan ularning qatl etilajaklarini aytadi. Bunga javoban Behbudiy hazratlari:

— Bizlar o‘limdan qo‘rqmaymiz. Munday yo‘lda yolg‘iz biz o‘lmagan, balki ko‘p kishilar to‘g‘rilik va inqilob yo‘lida shahid bo‘lg‘onlar, — deydi.

Ko‘p o‘tmay ular qatl etiladilar. Amir Buxoroga xoinona hujum qilgan bolsheviklarning o‘chini ularga muxolif bo‘lgan ma’rifatparvar begunoh Behbudiydan oladi. Ammo Behbudiy hazratlarining o‘limida bolsheviklarning qo‘li borligi yaqqol sezilib turardi, o‘sha zamonlar Rusiyaning Buxorodagi elchisi Utkin degan shaxsning bu ishga bosh-qosh bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Olimlarning farazlaricha Behbudiy hazratlari bu safar hajga emas (adib oldinroq haj safariga borib kelganligi uning “Sayohat xotiralari” yo‘l lavhalaridan ma’lum) balki bolsheviklarning zo‘ravonliklarini fosh etish uchun chet ellardan birida o‘tkazilayotgan anjumanga ketayotgan edi. Turgan gapki “qulog‘i ding” bolsheviklar biror xoin orqali bundan xabardor bo‘lib bu ishning “chorasini ko‘rganlar”, ya’ni qonxo‘r amir qo‘li bilan millatning fidoyi farzandini o‘ldirib, o‘zlarining zakiy, jasur va obro‘li dushmanlaridan qutilganlar. Natijada yovuzlik yana g‘alaba qilgan, begunoh qonlar to‘kilgan.

Behbudiy hazratlarining eng yaqin shogirdlaridan biri bo‘lgan Sadriddin Ayniy bu yovuz kuchlarga qarata:

Ey madfuni insoniyat,

ey maqtuli ahror!

Ey markazi vahshoniyat,

ey mahmani ashror!

Qon to‘k, yana qon to‘k,

yana qon to‘k!

Qon to‘k-da cho‘mil qong‘a!

Yiqil qong‘a!

deb ko‘zlaridan yosh oqizib faryod qilsa, uning yosh shogirdlaridan biri bo‘lgan Cho‘lpon:

Bilgisiz qabringni

qora tunlarda

Amalimning sha’min

yoqib izladim,

deb bo‘zlagan edi. Ha, Behbudiy hazratlarining mozori to hanuz bu dam topilganicha yo‘q, ammo uning muborak qonidan ungan chechaklar istiqlolimiz nasimida hilpirab gullab, yashnab turibdi. O‘sha paytdagi makkor davr tizimi uning nomini, a’mollarini yo‘qqa chiqarish uchun qanchalik urinmasin, bu tabarruk nom yo‘qolmadi, dillarda yashadi va yashab kelmoqda. Behbudiy hazratlari o‘limi oldidan yozgan va bizgacha uzuq-yuluq bo‘lib yetib kelgan o‘z vasiyatnomalarida: “Bizlarni unutmangiz, maktab-maorifni taraqqiy ettiringiz”, degan edilar, ul zot aytganlari to‘la amalga oshdi va oshmoqda. Ha, shahidlar qoni behudaga ketmaydi!

Muxtor XUDOYQULOV.

Manba: “Hurriyat” gazetasi

Free WordPress Themes