Kitobxonlar uchun qulaylik - Dono.uz

Kitobxonlar uchun qulaylik

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida nodir va alohida qimmatli nashrlarni ehtiyotlab saqlash, ularni konservatsiya va restavratsiyalashning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga bosma nashrlar, adabiyot va sanʼat asarlari, qoʻlyozma va grafik hujjatlar, tarixiy xujjatlar va nodir nashrlarning elektron fondini shakllantirishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Zero, maʼrifiy resurslar zamonaviy sharoitda katta ahamiyat kasb etmoqda. Buni nodir va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslariga koʻp sonli foydalanuvchilarning murojaatlari ham tasdiqlab turibdi.

Fondning elektron resurslar saqlanishi, toʻliqligi va yaxlitligini, bus-butunligini taʼminlash, foydalanuvchilarga oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatish, axborot-kutubxona resurslari elektron katalogini hamda yagona elektron axborot-kutubxona fondini shakllantirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, kutubxonada “Nodir nashrlar va qoʻlyozmalar” maʼlumotlar bazasi dasturi joriy etilgan. Dasturga nodir nashrlar katalogi va asarning toʻliq matni kiritilgan. Shuningdek, alohida foydalanuvchilar (olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar) mazkur dastur yordamida oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha sharhlar, sohaviy maqolalarni joylashtirish imkoniga ega boʻlishadi.

Bu milliy dasturning afzalligi shundaki, foydalanuvchi internet orqali www.nodir.natlib.uz onlayn tizimida qoʻlyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda toʻliq matni bilan tanishadi. Yaʼni, kitobxon qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, qoʻlidagi smartfon orqali ikki-uch asr avval bitilgan manbani bemalol oʻqiy oladi.

Hozir bazaga 1855 ta kitob, 118 ta qoʻlyozma, 22 ta albom, 2670 vaqtli matbuot nashri kiritilgan boʻlib, bu ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Ushbu dastur foydalanuvchiga qisqa vaqtda barcha axborot resurslarini bir makonga umumlashtirish, keng koʻlamli maʼlumotlarni sifatli taqdim etish imkonini beradi.

Free WordPress Themes