Vatanparvarlik festivali: “FIFA-2020” va “PES-2020” turniri tashkil etildi - Dono.uz

Vatanparvarlik festivali: “FIFA-2020” va “PES-2020” turniri tashkil etildi

“Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan quramiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan vatanparvarlik festivali doirasida poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kibersport musobaqasi bo‘yicha “FIFA-2020” va “PES-2020” turniri tashkil etildi. 
Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusidan uchinchisi aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
– Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur doirasida 2019-2020 yillarda tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etish va ularda bepul ta’lim berish, ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash ko‘zda tutilgan, – dedi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nodir Tursunov. – Poytaxtimizda ham aholining kompyuter savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalariga qiziqqan bolalarni to‘g‘ri yo‘naltirib, ularni malakali mutaxassis darajasiga olib chiqish, dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Mazkur festival ham ana shu amaliy ishlar samarasidir.
Yigirmadan ortiq yosh yigit-qiz kibersport musobaqasida ishtirok etmoqda. Musobaqaning faol ishtirokchilari va g‘oliblariga Toshkent shahri hokimligi va boshqa homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Free WordPress Themes