Navoiy qadrdon do‘sti – hukmdorning topshirig‘ini darhol bajara olmagan edi... - Dono.uz

Navoiy qadrdon do‘sti – hukmdorning topshirig‘ini darhol bajara olmagan edi…

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun
Alisher Navoiy lirik merosi matnshunoslik nuqtai nazaridan bugungi kun talablari va imkoniyatlari darajasida mukammal o‘rganilmaganligi, shoir ijodida lirik janrlar xronologiyasi masalasi hanuzgacha XXI asr adabiyotshunosligi darajasida qoniqarli hal qilinmaganligini ta’kidlash kerak.
Mumtoz adabiyot namoyandalarining lirik merosini tadrijiy o‘rganish imkoni yo‘q, chunki ular ijodidagi kichik lirik janrlarning yaratilgan yillari ma’lum emas. Bu jihatdan Alisher Navoiy merosi o‘ta noyob imkoniyat ato etgan. Ulug‘ shoirning to‘qqiz devonidan sakkiztasining (“Devoni Foniy”dan tashqari) shoir hayotlik paytida turli yillarda ko‘chirilgan mo‘tabar nusxalari yetib kelgan. Jumladan, shoir ilk bor o‘z qo‘li bilan tartib bergan “Badoyi’ ul-bidoya” devonining to‘rtta, “Navodir un-nihoya”ning uchta nusxasi mavjud bo‘lib, ular 1480-1487 yillarda ko‘chirilgan. Bundan tashqari, 1492-1499 yillarda ko‘chirilgan ikki terma devon (Toshkent va Nyu-York nusxalari), “Xazoyin-ul maoniy”ning 1498 va 1499 yillarga mansub Sankt-Peterburg va Dushanbe nusxalari. Bularga tayangan holda shoir ijodining tarixiy va tadrijiy takomilini kuzatish imkoniga egamiz.
Bugungi kunda biz qo‘l ostimizda mavjud bo‘lgan to‘rt devon – Sultonali Mashhadiy tartib bergan “Ilk devon”, 1471 yili Sherozda turkman shoiri va xattot Anisiy ko‘chirgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”, 1480 yilda tayyorlangan “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasi va shu devonning 1486 yilga oid Toshkent nusxasi bilan qiyoslab o‘rganish natijasida shoir ijodidagi lirik janrlar xronologiyasiga doir fikrni aytib o‘tishimiz mumkin.
O‘tgan yili Aftondil Erkinovning sa’y-harakatlari bilan “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij milliy kutubxonasida saqlanuvchi 1480 yili ko‘chirilgan qo‘lyozmasining elektron varianti qo‘limizga yetib keldi. Natijada bugun bizning qo‘limizda “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasi, 1486 yilda ko‘chirilgan Toshkent nusxasi, Ilk devon va “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” faksimilelari yig‘ilib qoldi. Shundan foydalanib, “Badoyi’ ul-bidoya”ning ilk ko‘chirilgan nusxasini yuqoridagi manbalar bilan dastlabki qiyosiy tahlilini ilm ahliga havola qilishni niyat qildik.
Ma’lum bo‘lishicha, shoir 24 yoshida ko‘chirilgan “Ilk devon”dagi 391 g‘azaldan 45 tasi shoir 30 yoshlik chog‘ida tuzilgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”ga va 117 tasi “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasiga o‘tgan ekan. Qayd etish lozimki, keyingi 117 g‘azal hisobiga oldingi 45 g‘azal ham qo‘shilib ketgan, ya’ni ushbu 45 g‘azal har uch devon tarkibida uchraydi. “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi 223 g‘azalning yuqoridagi 45 tadan tashqari yana 158 tasi “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasida qaytariladi. Shunday qilib, Navoiy 39 yoshida ilk marta o‘zi tartib bergan devonda keltirilgan 731 g‘azaldan 275 tasi oldingi ikki devondan olingan bo‘lib, bu devonga oldingilarida uchramagan 456 g‘azal mavjud bo‘lib chiqmoqda.
Albatta, bu hisob-kitoblardan shoir 24 yoshigacha 391 g‘azal yozgan, 30 yoshigacha yana 178 ta g‘azal, 39 yoshigacha esa yangi 456 ta ushbu janrdagi she’r ijod qilgan ekan, deb xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. Lekin bir narsa aniq. “Ilk devon”dagi 391 g‘azal hijriy 870 yildan keyin yaratilgan emas. Xuddi shuningdek, “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi 178 ta yangi g‘azal 1471 yildan keyin ijod etilgan deb bo‘lmaydi. “Badoyi’ ul-bidoya”ning 1480 yilgi ilk nusxasidagi she’rlar esa, albatta, shu qo‘lyozmada bitilgan sanadan oldin yozilgan. Biz uchun eng muhimi shu.
Har uch devondagi boshqa she’rlarni qiyoslaydigan bo‘lsak, “Ilk devon”dagi “Ne vo‘smavu ne kesmadur ul zulfi sumansoy, ne g‘amzayi jodu” deb boshlanuvchi mustazod va “Sharbati “yuhyil-izom” erni mayi nobindadur” deb boshlanuvchi muxammas “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasiga umuman kirmagan. “Ilk devon”dagi 41 ruboiydan 21 tasi Parij qo‘lyozmasiga ko‘chib o‘tgan, 20 ta ruboiy tushib qolgan. “Ilk devon”dagi muxammas “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”da ham qaytarilgan, ammo undagi “Ey, husnungga zarroti jahon ichra tajallo, mazhar sanga ashyo” deb boshlanuvchi birgina mustazod yangi. Yana bu devonda yuqoridagi muxammasdan tashqari 2 ta yangi muxammas (“Masnadi husn uzra tokim ko‘rmisham ul shohni”, “Halqayi zulfungda ko‘nglum bo‘lg‘ali g‘am mahrami” jami 3ta muxammas) va 1 tarje’band (“Ey, kirpiki neshu ko‘zi xunxor…”) mavjud. Boshqa janrdagi she’rlar yo‘q. “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij nusxasida esa birorta mustazod, muxammas, tarje’band yo‘q. Unda 446 ta yangi g‘azaldan tashqari faqat kichik lirik janrlar – 16 yangi ruboiy, 35 muammo, 23 fard, 4 tuyuq va 1 chiston bor, xolos.
Endi “Badoyi’ ul-bidoya”ning Parij va Toshkent nusxalarini qiyoslaydigan bo‘lsak, Parij nusxasida 731 g‘azal, Toshkent nusxasida 657 ta g‘azal mavjud bo‘lib, orada 74 ta g‘azalga farq qilmoqda. Ammo Toshkent nusxasida mavjud bo‘lgan 3 tarji’band, 41 qit’a, 3 mustazod va 5 muxammasdan birortasi Parij nusxasida yo‘q. Vaholanki, bu janrlardagi she’rlarning ba’zilari 1480 yildan oldin yaratilganligini yuqorida ko‘rib o‘tdik. Ruboiy, tuyuq, chiston va fardlar sonida ham orada katta farqlar bor. Har ikki nusxani diqqat bilan o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, Parij nusxasidan 79 g‘azal Toshkent nusxasiga o‘tmagan ekan. Ushbu ro‘yxatdagi 3 g‘azaldan tashqari barcha she’rlar (76 g‘azal) “Navodir un-nihoya“ devoniga o‘tkazilganligi aniq bo‘ldi.
Shunday qilib, “Badoyi’ ul-bidoya”ning shoir hayotligida tartib berilgan turli nusxalari o‘z tarkibiga ko‘ra bir-biridan jiddiy farq qilishi ma’lum bo‘lmoqda. Biz ularning hech birini muallif irodasidan tashqari kotiblarning o‘z ixtiyoriga ko‘ra erkin shakllantirilgan deb tasavvur qilishimizga asos yo‘q. Alisher Navoiyning o‘sha davrdagi ijtimoiy mavqeini va shoir tabiatidagi o‘ta talabchanlikni nazarda tutganda bunday “beboshlik” davr ruhiga ham muvofiq kelmaydi. Demak, barcha nusxalar muallif izlanishlari sifatida qabul qilinishi maqsadga muvofiq. “Mukammal asarlar to‘plami”ning 1987 yilda nashr etilgan birinchi jildini esa tuzuvchilar tomonidan davr talablarini hisobga olib tuzilgan yig‘ma devon sifatida qabul qilish kerak bo‘ladi. Yuqoridagi keltirilgan faktlar va “Badoyi’ ul-bidoya”ning Toshkent nusxasiga kiritilmagan 106 g‘azaldan 90 tasining shoir tashabbusi bilan tuzilgan ikkinchi devon “Navodir un-nihoya” tarkibida uchrashi bizning bu mulohazalarimizni quvvatlaydi.
Alisher Navoiy devon tuzishni shu yoshgacha yozgan she’rlarini qofiyasiga ko‘ra alfavit tartibiga solib bir to‘plamga yig‘ib qo‘yish deb tushungan emas. U “Badoyi’ ul-bidoya” devonining birinchi nusxasini shakllantirgan paytida ayni 38-39 yoshlarda edi. Shoir o‘zi suygan Xo‘ja Hofiz izidan borib devonga maxsus kirish g‘azalini yaratdi va unda o‘z ijodiy dasturini bayon qildi. Muxlislar tuzgan oldingi ikki devonda bunday falsafiy umumlashma g‘azal yo‘q edi. Devon tayyor bo‘ldi va oqqa ko‘chirildi. Ammo shoirning o‘z ishidan ko‘ngli to‘lmagan chog‘i. Navoiy qadrdon do‘sti va yurt hukmdorining taklif va topshirig‘ini darhol bajarmaganining sababi ham o‘zining mukammal hayot va ijod falsafasini shakllantirmay turib devon tuzishga jur’at qilmaganidan edi. Nihoyat mutlaqo yangi o‘ziga xos falsafiy g‘azal dunyoga keldi va devon tuzildi. Ammo hanuz shoir o‘z ishidan qoniqish hosil qilmadi. Chunki kitobning kirish qismi mukammallik kasb etgan bo‘lsa-da, xulosasi yo‘q edi. Ya’ni, 1480 yilgi devonda “Ashraqat” bor edi-yu, “Ketur soqiy, ul mayki, subhi alast…” hanuz yozilmagan edi. Shoir vazifa olgan paytida mavjud she’rlarini hisoblab, ikki devonga taqsimlash haqida bir qarorga kelgan. Bular “Badoyi’ ul-bidoya” (boshlanish) va “Navodir un-nihoya“ (yakunlanish) bo‘lishi kerak edi, ammo ularning ichki tarkibi qanday bo‘lishi lozimligi haqida tugal fikr hanuz yo‘q, shoir hanuz taraddudda edi.
“Oqqo‘yunli muxlislar devoni”da mavjud bo‘lgan, ya’ni shoir 30 yoshigacha yozib tugallagan 1 tarjibandning birinchi devonga kiritilmaganligi sababi balki uning ikkinchi devon tarkibiga kiritish mo‘ljali bilan bog‘liq edi. Ammo bu orada yangi tarjibandlar yozildi va shoir o‘z hayot va ijod falsafasi mukammallashganligini sezdi. Endi Navoiy yangi ufqlarga intila boshladi va ijod yo‘lining birinchi bosqichini mukammal yakunlashtirish imkoni va zaruratini chuqur his qilgan holda nihoyat “Badoyi’ ul-bidoya”ning ikkinchi, mukammal konseptual variantini yaratdi. Bu ish 1482 yil qo‘lyozmasi – hozirgi Britaniya muzeyida 401 inventar raqami ostida saqlanayotgan noyob matnda o‘z aksini topgan edi. Shu bilan shoir o‘z ijodiy takomilidagi birinchi davr – lirik she’riyat davrini to‘liq qoniqish bilan yakunlab, ikkinchi davrning asosiy mevasi – “Xamsa” dostonlarini yaratishga kirishdi.
Muhammadjon IMOMNAZAROV,
Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti professori.
Manba: O‘zA
Free WordPress Themes