Oʻzbekistonda nodir kitoblarni endilikda telefon orqali oʻqish mumkin - Dono.uz

Oʻzbekistonda nodir kitoblarni endilikda telefon orqali oʻqish mumkin

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida nodir va alohida qimmatli nashrlarni ehtiyotlab saqlash, ularni konservatsiya va restavratsiya qilishning zamonaviy metodlarini joriy qilish, bosma nashrlar, adabiyot va sanʼat asarlari, qoʻlyozma va grafik hujjatlar, tarixiy hujjatlar va nodir nashrlarning elektron fondini shakllantirish dolzarb vazifalardan etib belgilangan.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “Nodir nashrlar va qoʻlyozmalar” maʼlumotlar bazasi dasturi joriy etilgan.

Dasturga nodir nashrlar katalogi va asarning toʻliq matni kiritilgan. Shuningdek, alohida foydalanuvchilar (olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar) mazkur dastur yordamida oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha sharhlar, sohaviy maqolalarnijoylashtirish imkoniga ega boʻlishadi.

Milliy dasturning afzalligi shundaki, foydalanuvchi internet orqali www.nodir.natlib.uz onlayn tizimida qoʻlyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda toʻliq matni bilan tanishadi. Yaʼni, qayerda boʻlishdan qatʼiy nazar, qoʻldagi smartfon orqali ikki-uch asr avval bitilgan manbani bemalol oʻqish mumkin.

Hozirda bazaga 1855 ta kitob, 118 ta qoʻlyozma, 22 ta albom, 2670 vaqtli matbuot nashri kiritilgan boʻlib, bu ishlar tizimli davom etib kelmoqda.

Dastur foydalanuvchiga qisqa vaqtda barcha axborot resurslarini bir makonga umumlashtirish, keng koʻlamli maʼlumotlarni sifatli taqdim etish imkonini beradi.

Free WordPress Themes