Navoiy va Boburni anglay olayapmizmi? - Dono.uz

Navoiy va Boburni anglay olayapmizmi?

Shu kunlarda so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligi keng nishonlanmoqda. Ta’kidlash joizki, Navoiy va Bobur ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisidir.

Navoiy turkiy til asosida betakror bog‘ yaratib, dunyo ahlini hayratga solgan bo‘lsa, Bobur shu turkiy nazm gulshanidagi bepoyon bog‘ni chin ma’noda bo‘stonga aylantirgan va hind yurtida ham ijodkorlar rahnamosi bo‘lgan. Shu bois ular ijodi hamon qunt bilan o‘rganilmoqda.

Hazrat Bobur haqida dunyo olimlari turli janrda 12 mingdan ziyod katta-kichik asar yozgan. Navoiy yaratgan jami 34 asarning har biri haqida yuzlab tadqiqotlar qilingan, dissertatsiya va monografiyalar yozilgan. Aslida bobolarimizning har misra bitigi bir tadqiqot bo‘la oladi.

Shoir bobolarimiz abadiyatining siri, asarlari qimmati nimada, nega ular fikrlari va o‘gitlari barcha davrlar uchun ham dolzarb bo‘lib qolaveradi, ikki alloma shoirimiz shaxsini, asarlari badiyatini bugun qay darajada tushunayapmiz, anglab yetayapmiz, boy adabiy merosi, ayniqsa, asarlari qo‘lyozma matnlarini, nechog‘li o‘rgandik, ular asosida qanchalik mukammal ilmiy nashrlar tayyorlayapmiz, asarlarini o‘qitish va targ‘ib etish bo‘yicha qanaqa masalalar bor, degan savollarga biroz bo‘lsada javob izlab ko‘rishni maqsad qilganmiz.

Navoiyshunoslik va boburshunoslikdagi bugungi muammolar haqida so‘z borar ekan, dastavval matnshunoslik bilan bog‘liq holatlarga e’tibor qaratamiz. Bugun Navoiy va Bobur asarlarining mukammal ilmiy nashrlari bormi? Navoiy asarlarining turli yillarda nashr etilgan ko‘p jildlik to‘plamlari kamchiliklardan xolimi? Boburning “Boburnoma”, “Bobur devoni”, “Mubayyin” asarlari ilmiy nashrlari matnshunoslik talablari asosida tayyorlanganmi? Bizningcha, bular borasida so‘z borganda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligiga amin bo‘lamiz.

Masalan, Mirzo Bobur qalamiga mansub asarlarning bugunga qadar aniqlangan qo‘lyozma nusxalari asosan Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron kabi mamlakatlar kitob fondlarida saqlanmoqda va ularning faksimilesi turli davrlarda zahmatkash olimlarimiz tomonidan yurtimizga keltirilgan. Masalan, ayni paytga qadar “Boburnoma”ning 17 qo‘lyozma nusxasi, “Bobur devoni”ning esa 10 qo‘lyozmasi topilgan. Ta’kidlash joiz, sharqshunos olimlar tomonidan boburshunoslik ilmiga ma’lum bo‘lgan qo‘lyozma manbalar asosida shoir hayoti va ijodining barcha qirralari qamrab olingan minglab ilmiy asarlar, risola va monografiyalar nashr etilib, ilmiy tadqiqotlar olib borilgan va bu ishlar bugun ham muntazam davom ettirilmoqda.

Biroq qancha ko‘p ilmiy izlanishlar olib borilmasin, boburshunoslik ilmida hamon ochilmay turgan qirralar ko‘p. Biz shu paytga qadar Bobur hayoti va ijodiga oid amalga oshirilgan jamiki ishlarni e’tirof etgan holda, bu borada hali yechimini kutayotgan ayrim masalalar haqida to‘xtalmoqchimiz. E’tibor bersak, tengqurlarimiz va yoshlar orasida mumtoz adabiyotga, xususan, qo‘lyozmalar bilan ishlashga bo‘lgan qiziqish kam. Bu borada mutaxassis kadrlar yetishmasligi, bo‘lsa ham sanoqli ekani afsuslanarli. Balki shuning uchundirki, boshqa ko‘plab nodir qo‘lyozmalar qatori Bobur asarlari qo‘lyozmalariga ham kam e’tibor qaratilmoqda. To‘g‘rirog‘i, bugun matn bilan ishlash amaliyoti deyarli yo‘qqa chiqayapti. Qo‘lyozmalar tabdili va tavsifi bilan bog‘liq mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda yagona bir ilmiy xulosalar beruvchi tadqiqotlar juda oz.

Masalan, Bobur asarlarining Parij, Istanbul, Tehron va boshqa qo‘lyozma nusxalari haqida maktab, kollej, akademik litsey darslik hamda o‘quv qo‘llanmalarida “Ulug‘ shoir 1519 yilda Kobulda, 1528-1529 yillarda Hindistonda she’rlar to‘plamini tuzgan. Bu ikki to‘plam o‘sha joylar nomi bilan “Kobul devoni” va “Hind devoni” deb ataladi. Ammo bugunga qadar “Kobul devoni” topilgan emas” tarzidagi ma’lumotlarga duch kelamiz. Vaholanki, shoir aslida bitta devon tartib etganini ko‘pchiligimiz bilmaymiz. Shukrki, keyingi yillarda Bobur xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan “Bobur ensiklopediyasi” tayyorlanib, keng omma va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi bu kabi yuzlab xato va chalkash fikrlarga oydinlik kiritdi. Bugunga qadar “Boburnoma” dunyoning 17 tiliga o‘sha millat vakillari tomonidan tarjima qilingan (Vaholanki, bu ma’lumot ham turli manbalarda har xil keladi. Masalan, dunyoning 22 ta, 31 ta, 41 ta tiliga tarzida). Aslida “Bobur enseklopidiyasi”dagi eng oxirgi ma’lumotga ko‘ra, asar dunyoning 17 tiliga tarjima qilingan va ayrim tarjimalarning qo‘lyozma nusxalari bor. Masalan, birgina forscha tarjimasining 20 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud. 17 tilga qilingan har bir tarjima esa turli davrda qayta-qayta nashr etilgan.

“Boburnoma”ga asrlar qa’ridan katta qiziqish bilan qarab kelinayotganini, xorijiy tillarga qilingan tarjimalari qayta-qayta nashr qilinayotganligini ko‘p bora iftixor bilan tilga olamiz. Aslida ham shunday. Bu bizning kimligimizni, qanday bir ajdodlar avlodi ekanimizni yaqqol ko‘rsatadi. Ammo shu bilan birgalikda tarjimalardan son-sanoqsiz kamchiliklar topamiz. Manbani qiyosiy tahlil qilish, kamchiliklarni ko‘rsatish, to‘g‘rilash ham bir ilm. “Boburnoma”ning ingliz, fransuz, rus va turk tillariga qilingan tarjimalari, ayniqsa kamchiliklardan xoli emas. E’tibor qilinsa, har qaysi tarjimada uchraydigan umumiy kamchiliklardan biri matn va so‘zni ilg‘amaslik, noto‘g‘ri tushunish, u so‘zning o‘sha tilda muqobili yo‘qligi bilan bog‘liq holda ko‘rinadi. Bu fikr asarning barcha tillarga qilingan tarjimalariga xosdir. Aslida bu kabi nuqsonlarni ko‘p aytamiz. Biroq savol bermaymiz: xo‘sh, shuncha kamchilik bor ekan, nega biz o‘zimiz ularga nuqsonsiz tarjima qilib taqdim eta olmaymiz? Nega endi, Bobur asarlarining orasida faqat “Boburnoma”gina xorijiy tillarga tarjima qilingan? Demak, chet ellik sharqshunos olimlar bu asarga katta qiziqish bilan qaramaganida, mayli kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa-da tarjima qilmaganida, nashr ettirmaganida shu kunga qadar bu buyuk asarni dunyo ommasi bilmas ekan-da? Bundan tashqari, shoirning boshqa asarlari, deylik, she’riy asarlarini xorijiy tillarga mukammal holda nega tarjima qilmaymiz? Bu kabi savollar ko‘p.

Tan olish kerak, olimlarimizning keksa avlodi boburshunoslik sohasida qator salmoqli ishlarni bajardi va ayrimlari tomonidan bugun ham muayyan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Masalan, zahmatkash olimlarimiz X.Sulaymonov, P.Shamsiyev, S.Azimjanova, A.Abdug‘afurov, A.Qayumov, S.Hasanov, Z.Mashrabov, H.Qudratullayev, A.A’zamov, V.Rahmonov, X.Sultonov, H.Boltaboyev, N.Otajonov, E.Ochilov, O.Jo‘raboyev kabi ko‘plab adabiyotshunoslar Bobur Mirzo hayoti va ijodini o‘rganish, qo‘lyozma nusxalarini qidirib topish va ularni ilmiy iste’fodaga kiritish yuzasidan qator tadqiqot ishlarini amalga oshirgani, mazkur ishlar keyingi bu boradagi ilmiy izlanishlarga ham asos bo‘lib xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz. Ehtimol, ular xorijiy tillarni mukammal bilishganida shoir asarlarini jahon tillariga yuksak mahorat bilan tarjima qilib chiqargan bo‘lar edi.

Afsuslanarlisi, bugun yoshlarga keng imkoniyat berilayotgan bir paytda, kamida 2-3 ta tilni mukammal biladigan yosh mutaxassislarimiz bor bo‘lgan bir sharoitda bu kabi sustkashlikka yo‘l qo‘yotganimizni hech bir bahona bilan oqlab bo‘lmaydi.

Shu kunga qadar jamiki adabiyotlarda Bobur she’riyatining hajmi, janr xususiyatlari haqida turlicha fikrlar ilgari surilib kelingan va shoir 400 dan oshiq she’riy asar yozgan deyiladi. Vaholanki, “Bobur devoni” turkcha tarjimasini kuzatar ekansiz, ular soni 600 dan oshishi ma’lum bo‘ladi. Balki bu fikrga ko‘pchilik qo‘shilmas. Biroq eng muhimi ikki xil ma’lumot berilayotganida. Xo‘sh, qay biri to‘g‘ri? Harqalay bu yana o‘sha fikr, ya’ni qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmamiz yo‘qligi evaziga sodir bo‘lmayaptimikan? Bizningcha shunday. Agar 10 ta mavjud qo‘lyozmani allaqachon qiyosiy planda o‘rganib, shu asosda Bobur she’riy asarlarining mukammal to‘plamini yaratganimizda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasdi balki. Shoir she’riyati xususida shunda yagona bir xulosalar yaratilgan bo‘lar edi. Shunday holat, ya’ni Bobur hayoti va uning ijodi, asarlari qo‘lyozma nusxalari tabdili va tavsifi haqidagi ma’lumotlarda ham uchraydi. Demak, Bobur asarlari qo‘lyozma nusxalarining tadqiq etilishida farqlar bor va ular bugungi kun nuqtai nazaridan qayta o‘rganilishga muhtoj.

Masalan, birgina “Bobur devoni”ning Parij nusxasini bir paytlar A.Samoylovich XVI-XVII asrlarga mansub deb qaragan bo‘lsa, E.Bloshe bu nusxa Kobulda 1515 yillarda ko‘chirilgan, degan taxminni ilgari suradi. Turk olimi Yu.Bilol tadqiqotlarida ushbu qo‘lyozmada 87 g‘azal, 2 masnaviy, 65 ruboiy, 28 muammo (2 ruboiy, 26 musarra’ bayt), 1 qit’a, 9 tuyuq, 15 matla’, 3 masnu’ she’r, 2 tugallanmagan g‘azal, 1 nazm, 5 musarra’ bayt, 1 mufrad borligi aytilsa, ayni qo‘lyozma haqida professor S.Hasanov qarashlari butunlay boshqacha. Unga ko‘ra: mazkur qo‘lyozmada 89 tugal g‘azal, bir tugallanmagan g‘azal, 13 ruboiy, 1 masnaviy, 11 tuyuq, 1 qit’a, 29 muammo, 21 farddan iborat. E’tibor bering bir qo‘lyozma haqida ikki olim turli xil fikr aytishgan va har hil tavsif keltirgan. S.Hasanovning Parij nusxa haqidagi tavsifiy qarashlari turk olimi Yu.Bilolnikidan she’rlarning soni, ularning janrini belgilashda farqlar bor. Xo‘sh, qaysi fikr to‘g‘ri? Demak, Bobur asarlarini o‘rganishdagi mavjud qarashlarda chalkashliklar bor. Bunday misollar yana ko‘plab kuzatiladi.

Yo‘q, biz bu borada boburshunoslikdagi avvalgi tadqiqotlarni inkor etmoqchi emasmiz. Biroq vaqtning o‘tishi ilm-fanga oid yangicha qarash va ma’lumotlarning yuzaga kelishi, topilishi ba’zan eskilarini inkor etadi va ularga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishga olib keladi, demoqchimiz. Masalan, afg‘onistonlik olima Sh.Yorqin tomonidan 2004 yilda tayyorlangan “Devon” bir muddat o‘z davriga qadar tayyorlangan nashrlar orasida mukammal deb hisoblangan. Bobur she’riyati, uning qo‘lyozmalari borasida olib borilgan chuqur tadqiqotlar, ilmiy-akademik nashrlar, jumladan, adabiyotshunos olim E.Ochilov tomonidan 2007 yil chop etilgan “Sochining savdosi tushti” deb nomlangan to‘plam va boburshunos olim V.Rahmonov tomonidan 2008 yil chop etilgan “G‘aribing andijoniydur” nomli kitob 2004 yilgi nashrda ham kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.

“Bobur devoni”ning Istanbul qo‘lyozmasi asosida tayyorlangan turkcha ilmiy matnni A.Abdug‘afurov tomonidan 1994 yilda tayyorlangan nashr va E.Ochilov hamda V.Rahmonov nashrlari bilan o‘zaro qiyoslashimiz natijasida bir qancha farqli jihatlar aniqlandi. “Bobur devoni”ning turkcha matnida kelgan ayrim tuyuqlar V.Rahmonov nashrida uchramaydi. Turkcha nashr o‘zining qit’alar soni ko‘pligi bilan ham ushbu nashrlardan farq qiladi. A.Abdug‘afurov va V.Rahmonov nashrida shoirning 13 qit’asi berilgan bo‘lsa, Yu.Bilol nashrida ular soni 19 ta, E.Ochilov nashrida bu ko‘rsatkich 22 ta ekani qayd etiladi. Xo‘sh, o‘quvchi uchun qay biri to‘g‘ri? Xullas adabiyotlarda Mirzo Boburning deyarli barcha asarlari bilan bog‘liq fikrlarda xilma-xilliklar kuzatiladi. Demak, ba’zan boburshunoslikda biz bilgan, o‘qib-o‘rganib kelgan ayrim ma’lumotlar mutloq haqiqat emas, noto‘g‘ri ekanini ham ko‘rsatadi va eng muhimi bu haqdagi eng to‘g‘ri xulosa qanday ekan, degan savolga javob izlashni taqozo etadi. Bir so‘z bilan aytganda, davrning o‘tishi, boburshunoslik ilmining tobora rivojlanib borishi, yangidan-yangi ma’lumotlar bilan boyishi bu borada yangi bir qarashlarni yuzaga keltiradi. Natijada esa biz to‘g‘ri deb bilgan Bobur hayoti va ijodiga doir ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqmoqda yoki uni inkor etuvchi fikrlar paydo bo‘lmoqda.

Afsuski bunday kamchiliklarni navoiyshunoslikka oid tadqiqotlardan ham ko‘rish mumkin.

Ommaviy nashrlar yoki akademik nashrlar imkon qadar ilmiy-tanqidiy matn asosida tayyorlansa, ishonchli hisoblanadi. Buni tasavvur etish uchun turli yillarda nashr etilgan “Hayrat ul-abror” dostonidagi bir baytning to‘rt-besh xil ekanini keltirish mumkin. Ilmiy-tanqidiy matn shunday har xillikning oldini olib, bir xil xulosaviy matn tarzida yaratilishi bilan muhimdir. Matnshunos olim V.Rahmonovning qayd etishicha “Hayrat ul-abror”ning avvalgi nashrlaridagi eng qaltis nuqsonlardan biri “qalbgoh” (jangga saf tortgan lashkarning shoh turadigan o‘rni) “kalbgoh”, “itxona” tarzida o‘qilishida sodir bo‘lgan. Ikkinchi bir jiddiy nuqson: “Kasr” (kishilar tizilib o‘tirgandagi eng pastki, quyi o‘rin – poygak) so‘zi “qasr” tarzida nashr etilgan. (“Xamsa”ning (1960 y.) 41-betidan). Navoiy asarlari yigirma jildligi yettinchi tomining 77-betidagi bayt ham ana shu nuqsonli misralarni aynan takrorlaydi. Bunday misollarni, ya’ni jiddiy nuqsonli baytlarni “Xamsa”ning har bir dostoni ilgarigi nashrlaridan o‘nlab emas, yuzlab ko‘rsatishimiz mumkin. Afsuski, bu holat matnshunoslik ahvolining g‘aribligini ko‘rsatib beradi va eng yomoni bunday xatoliklar nashrdan nashrga ko‘chib kelayotganligida. Demak, bu borada xulosa shuki, bugun navoiyshunoslik va boburshunoslikdagi eng katta o‘z yechimini kutayotgan masala Navoiy va Bobur asarlarining mavjud qo‘lyozmalari asosida sahih, muallif dasxatiga mos keladigan ilmiy akademik to‘plam nashrini e’lon qilishdir. Shu o‘rinda olimlarimiz keyingi yillarda, jumladan, matnshunos olim V.Rahmonov va O.Jo‘raboyev tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari tahsinga sazovor ekanini ham aytib o‘tmoqchimiz.

Navoiy va Bobur ijodini chuqur anglash haqida gap borar ekan, galdagi dolzarb masala bu ta’lim muassasalarida shoirlarimiz hayoti va ijodini yoshlarga o‘qitish va XXI asr axborot asrida qanday bir ta’sirchan yo‘l va usullar orqali bo‘lsa-da targ‘ib etishga doirdir. Nima deb o‘ylaysiz, adabiyotimizning shoh asarlari – “Xamsa” va “Boburnoma”ni bugun kimlar o‘qimoqda? Yoshlarimiz o‘qiyapti, tushunayapti deb o‘ylaysizmi? Agar o‘qimayotgan va tushunmayotgan bo‘lsa nima qilish lozim? Qanday metodlardan foydalanmoq joiz? Buning uchun nimalar qilishimiz kerak? Bundan tashqari bugun maktab darsliklarida Navoiy va Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan dars soatlari taqsimoti qay ahvolda? Shu paytga qadar biz buyuk ajdodlarimizni yoshlar qalbiga singdirishda badiiy adabiyotlarning o‘rni va ta’sirini katta deb bilamiz. Xo‘sh shunday ekan bugun Navoiy haqida yoki Bobur haqida (albatta, P.Qodirov, H.Sultonov, Q.Kenja, S.Sayyid kabi adib va shoirlarimizning asarlarini aytmaganda) badiiy adabiyotlarda yetarli darajada aks etayaptimi?

Oybekning “Navoiy” romani yozilganiga 80 yil bo‘lganini va shu kunlarda nihoyat yozuvchimiz Isajon Sultonov tomonidan “Alisher Navoiy” romani yozilganini mamnuniyat bilan tilga olsak va bir ikkita shoirlarimiz tomonidan bitilgan ayrim she’rlarni demasak, millatimiz faxri bo‘lgan Alisher Navoiyga bag‘ishlangan kattaroq bir asarni aytish qiyin. Navoiy va Bobur ijodini targ‘ib etishda yana bir jihat, XXI asr – intellektual avlod asri, deb atalayotgan bir davrda nahotki internet imkoniyatlaridan shu yo‘lda ijobiy foydalanishning imkoni bo‘lmasa, shu kunga qadar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini yoritishga ixtisoslashgan maxsus internet saytning tashkil etilmagani, etilgan bo‘lsa-da, kichik doiralarda ekanligi, bugun bu borada internet va ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanilmayotgani har qancha o‘ylashimizga sabab bo‘lmaydimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra Germaniyaning buyuk shoiri, atoqli mutafakkir va olim Iogann Volfrang Gyote nomida Germaniyaning o‘zida 13 ta va jahonda 150 dan ziyod ilmiy tadqiqot muassasasi faoliyat yuritadi va ular faqat Gyote merosini o‘rganish, targ‘ib etish, ishlari bilan shug‘ullanadi. Tasavvur qiling, agar bizda ham Navoiy va Bobur nomida alohida ilmiy tadqiqot muassasasi tashkil etilsa, bu muassasa faqat yuqorida aytib o‘tilgan masalalar yechimi bilan shug‘ullansa…

Xullas, o‘zbek adabiyotida ijodi eng ko‘p o‘rganilgan adabiy siymo bu Navoiy va Bobur bo‘lishiga qaramasdan va bugunda har ikkisi haqida yuzlab kitoblar chop etilgani va taxminan shu miqdorda dissertatsiyalar yozilganiga qaramasdan hali-hamon muammolar ko‘p. Kelgusida bu ikki buyuk ijodkor hayoti va ijodi borasida eng sahih va mukammal ilmiy asarlar yaratilishi va xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida shoir asarlarini keng targ‘ib etishning eng zamonaviy usul va vositalari ishlab chiqilishi, ayniqsa, bunda internet tizimidan, ijtimoiy tarmoqlardan o‘rinli foydalanish lozim deb hisoblaymiz.

Shuhrat HAYITOV,

“O‘zbekiston” teleradiokanali bosh muharriri,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Free WordPress Themes