O‘qituvchining ishlaydigan zamoni keldimi? - Dono.uz

O‘qituvchining ishlaydigan zamoni keldimi?

Bu dunyoda barchamiz farzandlarimizning baxtu kamoli uchun qayg‘uramiz. Zero, o‘qimishli, ziyoli inson hayotda o‘z o‘rnini topib, jamiyat uchun nafi tegishi aniq. Ta’limdagi islohotlar zamirida ham ma’rifatli, hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq.

Farg‘ona viloyatida ham ta’lim sifatini oshirish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishga muhim e’tibor qaratilmoqda. «Temurbeklar maktabi», Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilgani yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan 15 xususiy maktablar ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Toshloq tumanida ham keyingi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda tumandagi 51 maktabda 2 ming 200 dan ziyod pedagog yoshlarga saboq berayotir. O‘tgan bir yilda 50 dan ziyod erkak muallimning maktabga qaytgani ham sohadagi islohotlarning amaldagi ifodasidan darak beradi.

– Joriy yil Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani pedagoglar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda, – deydi Toshloq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Abdumajid Soliyev. – Avvalo, ta’limdagi islohotlarni o‘zimizdan boshlashimiz kerakligi bugun hayotiy zaruratga aylandi. Har bir o‘qituvchi o‘z ustida ishlab, yangi pedagogik texnologiyalarni o‘rganmoqda. «Ochiq dars»lar tashkil etilib, yaxshi tajribalar tuman miqyosida ommalashtirilmoqda. Ayniqsa, matematika, geografiya, kimyo kabi fanlarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilayotir. O‘quvchilar fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi, festivallar va sport musobaqalarida munosib ishtirok etmoqda. Xalqaro maydonlar va dunyo arenalarida yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgan iste’dodli yoshlar ham bor. Bu bizning kuchimizga-kuch bag‘ishlab, yanada samarali ishlashga undaydi.

Tumanda o‘tgan yili “Obod qishloq” dasturi asosida 1- va 2-ixtisoslashtirilgan hamda 18-umumta’lim maktabi ta’mirdan chiqarildi. Joriy yilda esa 2, 4, 7, 20-umumta’lim maktablarida mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda barcha ta’lim maskanlari internet tarmog‘iga ulangan. O‘quvchilar bundan samarali foydalanmoqda. Tizimdagi muammolarni bartaraf etish ham doimiy e’tiborda. Tumanda maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish darajasi juda past. Xususan, 7, 30, 31, 38, 39, 45, 51-umumta’lim maktablarining birorta bitiruvchisi oliy o‘quv yurtiga kira olmagani achinarlidir. Shuning uchun ham bu borada tumanda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Tumanda mahoratli, tajribali o‘qituvchilar ko‘p. 7-umumta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Dilxumor Zokirova ana shulardan biri.

– O‘qituvchilik faoliyatimga 24 yildan oshdi, – deydi “Shuhrat” medali sohibasi D.Zokirova. – O‘tgan yillar davomida o‘qituvchi va murabbiylarning asosiy vazifasi ikkinchi darajada qolib, ijtimoiy mavqei va nufuzi pasayishiga sabab bo‘ladigan tadbirlarga jalb qilingani guvohi bo‘lganman. Bugun esa vaziyat umuman o‘zgardi. O‘qituvchi uchun ishlaydigan zamon keldi. Ish haqimizning oshgani, hukumatimizning doimiy e’tiborida ekanimizni barchamiz his etib turibmiz.

Ha, bu kabi dil izhorlarini ta’lim sohasida mehnat qilayotgan barcha ustozlardan eshitish mumkin. Zero, yurtimizda o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor bu – ta’limga, kelajakka e’tibor.

Ma’sudjon SULAYMONOV

Free WordPress Themes