Nega bizda Boburlar tug‘ilmay qo‘ydi? - Dono.uz

Nega bizda Boburlar tug‘ilmay qo‘ydi?

Bugun Abdumurod Tilavov domladan Bobur haqida qiziq faktlarni eshitdik,- deb yozmoqda jurnalist Shahnoza Soatova «facebook» sahifasida.

Zahiriddin Muhammad Boburning 12 yoshida taxtni egallagani va bor-yo‘g‘i 47 yil umri davomida o‘zidan katta imperiya va umrboqiy nom qoldirganini bilamiz.
Temuriy xonadoni an’anasiga ko‘ra shahzodalarni buvilari tarbiyalashgan. Bobur ham ona tomondan buvisi Eson Davlat begim qo‘lida tarbiya topadi. Tarixchilar Chingiziy avlodlariga mansub Yunusxonning suyukli rafiqasi Eson Davlat begimni Bibixonimdek zakovatli va dono ayol deb ta’riflaydilar. Bundan tashqari, malikaning jur’atu jasorati ham favqulodda bo‘lgani haqida yozib, shunday tarixiy faktni keltiradilar.

Allaqaysi safardan Yunusxon saroyiga qaytayotgan Eson Davlat begim kanizaklari bilan yov qo‘liga asir tushadi. Yosh va sohibjamol malikaning hobgohiga o‘sha tunda bir shahvatparast shahzoda kirmoqchi bo‘ladi. Buni sezgan malika va kanizaklari hushyor poylab turib, hobgohga kirishi bilan shahzodaga tashlanadilar va o‘zlarida mavjud pakki, bigiz, ignalar vositasida uni o‘ldirib, tongda tashqariga chiqarib qo‘yadilar.
Bundan darg‘azab yov podshohi Eson Davlat begimni haloyiq oldida qatl etmoqchi bo‘ladi. Shariat hukmiga ko‘ra qatldan avval malikaga so‘z berilganida, u: «Men Yunusxonning zavjai haloliman. Menga qo‘l tekizmoqchi bo‘lgan nomahramni o‘z nomusimni himoya qilib o‘ldirdim va buning uchun shariat hukm etgan har qanday jazoga roziman» – deydi. O‘limni bo‘yniga olib o‘z sha’nini himoya qilgan malika shu ondayoq qahramonga aylanadi. Shoh uni ming uzru tuhfalar bilar o‘z lashkarlari himoyasida Yunusxon saroyigacha sog‘-omon yetkazib qo‘yadi.

Bobur shunday ayolning tarbiyasini olgan!

Bugun nima uchun Boburlar tug‘ilmayapti degan savolga kelsak, ular tug‘ilyapti! Har bir go‘dak potensial Boburdir. Faqat Boburlarni tarbiyalaydigan Eson Davlat begimlar yo‘q. Borlari ham, masalan, Kolumbiya universiteti professori bo‘lib ketishyaptiki, ularning Boburlari o‘sha yoqlarda tarbiyalansa kerak.

Kuchli millat uchun kuchli ayollar kerak, aqlli onalar kerak!!!

Free WordPress Themes