Amir Temurning Iroqdagi ov marosimi

1393 yil (bundan 627 yil oldin) – Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, hijriy 796 yil safar oyining boshida (milodiy 1393 yil 6 dekabrda) shanba kuni Amir Temur o‘zining “besh yillik yurishlari” davrida Iroqdagi Harbiy mavzesida ov qilishga qaror qildi. Farmonga binoan barcha askarlar sahro atrofini qurshab keldilar va turli-tuman jonivorlarni yig‘ib, katta bir ov qildilar.

Tarixchi olim Akbar Zamonovning “O‘rta asr hukmdorlarining ov (shikor) marosimlari” nomli maqolasida qayd etilishicha, barcha sulola hukmdorlari hayotida ovchilik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Hayvon ovi urush uchun yaxshigina harbiy tayyorgarlik vazifasini o‘tagan. Ovchilar (harbiylar) ov paytida saf tortib turish, ovni qanday qurshab, halqa ichiga olishni o‘rgangan.

Ov hayvonlari o‘rab olingan doiradan markazga tomon surib kelinar, birorta ham hayvonning halqadan tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘yilmas edi. Halqa ichida dastlab hukmdor ov qilgan, keyin bir tepalikka chiqib, shahzodalar, amirlar hamda qo‘shinning ov qilishini kuzatib borgan. Bunday maxsus ov halqalari “charga” deb yuritilgan.

Ulashing | Поделись этим: