Kurash: Toshkent polvonlari bellashdi

Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Mirzo Ulug’bek tumani prokurori kubogi uchun kurash musobaqasi bo’lib o’tdi. Unda Toshkent shahrining barcha tumanlaridan polvonlar ishtirok etdi.

Musobaqa avvalida Mirzo Ulug’bek tumani hokimi Sh.Irgashev, Toshkent shahar prokurori B.Valiev, O’zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o’rinbosari K.Yusupov so’zga chiqib, Prezidentimizning joriy yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bilan milliy sportimiz – kurash tarixida yangi davr boshlanganini, alohida ta’kidladi.

Faxriy mehmon sifatida erkin kurash bo’yicha Osiyo o’yinlari sovrindori Ixtiyor Navro’zov ishtirok etdi.

2005-2007 yillarda tug’ilgan yigit-qizlar o’rtasida o’tkazilgan bahslarda o’smirlar 46, 50, 55, 65, 71, 77, +77 vazn toifasida, qizlar esa 52 vazn toifasida gilamga chiqdi.

100 dan ortiq polvonlar ishtirok etgan musobaqada Xushnud Boboqulov (46 kg. Olmazor tumani), Doniyor Ahmedov (50 kg. Mirzo Ulug’bek tumani), Samariddin Qo’chqorov (55 kg. Yunusobod tumani), Bobur Aloviddinov (65 kg. Yunusobod tumani), Samandar Bahramov (71 kg. Mirzo Ulug’bek tumani), Ahror Ziyodullaev (77 kg. Sergeli tumani), Mahmud Maqsudov (+77 kg. Chilonzor tumani) g’olib bo’ldi. Qizlar o’rtasida esa bektemirlik Munisa Alixonova birinchi o’rinni qo’lga kiritdi.

G’olib va sovrindorlar diplom, medal` hamda esdalik sovg’alar bilan taqdirlandi.

Ulashing | Поделись этим: