Bilasizmi: Markaziy Osiyo qayerda?

Markaziy Osiyo. Yer yuzidagi eng yirik qit’aning qoq o‘rtasida joylashgan ushbu hudud o‘zining boy geografik xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Mongoliya, Xitoy, Rossiya, Eron, Afg‘oniston kabi davlatlar qurshovidagi Markaziy Osiyoning umumiy maydoni 4 million kvadrat kilometrni tashkil qilgani holda Hindistondan biroz kattaroq, ammo Avstraliyadan  kamroq hududga ega.

Markaziy Osiyoning tabiati, xo‘jaligi, shaharlari, xalqlariga oid geografik ma’lumotlar ilk ma’lumotlar Gerodot (miloddan avvalgi V asr), Kvint Kursiy Ruf, Strabon (miloddan avvalgi II asr) kabi Yunoniston, shuningdek, Xitoy olimlarining asarlarida qayd etiladi.

Markaziy Osiyo o‘zida 5 ta respublikani jamlashdan tashqari Ustyurt platosi, Turon pasttekisligi, To‘rg‘ay platosi, Qozog‘iston va qisman Kopetdog‘, Pomir, Tyan-Shan tog‘lariga ham vatan bo‘lgan.

Sizda haqli ravishda savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh ushbu tabiiy hududning boshqa yondosh o‘lkalardan qanday farqi bor ekan?

Avvalo, O‘rta Osiyo materikning ichkarisida, Atlantika okeanidan 4 ming km, Shimoliy Muz okeanidan 2,5 ming km, Tinch okeandan 5,5 ming km va Hind okeanidan 1 ming km ga yaqin masofada joylashgan, suvlari okeanlarga chiqib keta olmaydigan berk havzadan iborat. Keyingi galda, albatta, Kaspiy va Baykal ko‘llarini eslamaslikning iloji yo‘q: biri dunyodagi eng yirik 376 ming kv. km, ikkinchisi esa eng chuqur ko‘llar (1741 m)  sirasiga kiradi. Yana bir qiziq jihati shundaki hudud yer yuzasi nihoyatda o‘ziga xos – o‘lkaning shimoli, shimoli-g‘arbiy katta qismi tekisliklardan, sharqiy va janubiy qismi tog‘liklardan iborat, ayniqsa bu noodatiy tafovut markazda joylashgan O‘zbekistonda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Markaziy Osiyodagi eng katta siyosiy hudud bu, albatta, Qozog‘iston. Bu davlat maydoniga  uchta Turkiya, 5 ta Fransiya yoki 18 ta Bangladeshni bemalol sig‘dirish mumkin.  Qozog‘istonning umumiy maydoni 2 million 724 ming 902 kv. km. bo‘lib,  bu Jazoir maydonidan  biroz kattaroq.   Argentina maydonidan esa (2 million 780 ming 400 kv. km) kamroq bo‘lib, dunyoda 8-o‘rinni egallaydi.

Qirg‘iziston mintaqadagi maydoni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallaydi – 198 ming 500 kvadrat metr. km. Bu Bangladesh hududidan (144 ming 500 kv. km) ko‘proq, ammo Belorussiyadan (207 ming 600 kv. km) kam. Biroq bu holat Qirg‘iziston maydoniga 2 ta Vengriya,  4 ta Litva yoki 6 ta Isroil joylashishiga hech qanday monelik qilolmaydi. Qirg‘izistonning yana bir e’tiborli jihati shundaki mamlakatning 2/3 qismi tog‘lardan iborat.

Mintaqadagi eng kichik mamlakat – 143 100 kv. km. maydonga ega Tojikiston. Tojikiston kichik maydonga ega bo‘lishiga qaramasdan hududida 2 ta Kosta-Rika, 5 ta Armaniston yoki 15  ta Kipr joylashishi mumkin. Bundan tashqari, respublikaning 93 foizini tog‘li hududlar egallaydi. Tojikiston Islandiyadan kattaroq (103 ming 125 kv. Km), ammo Tunisdan kichikroq (163 ming 610 kv. Km).

Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik mamlakat – 488 100 kv. km. ega Turkmaniston o‘zining xalqaro hamjamiyat ko‘z oldida totalitar tizimga sodiq ekanligi bilan «e’tiborlidir». Ammo uning o‘ziga xos yana bir tarafi o‘z tabiati bilan ko‘plarni maftun etuvchi  Shvetsiyadan kattaroq (449 ming 961 kv.km) hududga ega. Lekin Ispaniya (561 ming 782 kv. km.) undan ulkanroq maydonga ega. Turkmaniston hududiga  2 ta Belarus yoki 7 ta Irlandiyani, 24 ta Sloveniyani sig‘dirish mumkin.

O‘rta Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ham o‘zi chegaradosh mamalakatlar singari hududi orqali ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirishi mumkin: 2 ta Buyuk Britaniya, 5 ta Avstriya yoki 13 Moldaviya bu yerda bemalol joylashisha oladi. Respublikaning maydoni 447 ming 400 kv. km. Bu Finlyandiya maydonidan (338 ming 178 kv. km) ko‘proq, ammo Tailanddan (514 ming kv. km) kam.

Ulashing | Поделись этим: