«Nafaqat kitob sotib olasiz balki shu yerning o‘zida o‘qish, ishlash va dam olish uchun ham sharoit bor»

Jurnalist Barchinoy Jo‘rayeva «Feysbuk»dagi sahifasida Pekindagi yirik kitob do‘koni haqida taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Yoshlar kitobdan uzoqlashdi, deyishadi. Lekin bu gap texnologiyalarga mukkasidan ketgan xitoy yoshlari haqida bo‘lmasa kerak, degan xulosaga keldim. Pekin shahrining Vanfutszыn ko‘chasidagi yirik kitob do‘koni haqiqiy dam olish maskani.

Nafaqat kitob sotib olasiz balki shu yerning o‘zida o‘qish, ishlash va dam olish uchun ham sharoit bor. Ayniqsa ota-onalar, buvi va buvalarning kichkintoylarni shu yerga olib kelib, erinmay kitob o‘qib berayotganini ko‘rib qoyil qoldim. Bolalar bo‘linmasining bezak va sharoitlarini ham boplashibdi.

Menga manzur bo‘lgani, yoshlarning turli tadbirlarni o‘tkazishlari uchun ham imkon borligi. Beshinchi qavatga chiqsam, talabalar milliy liboslarda, milliy o‘yinlarni o‘ynab, turli qo‘l ishlarini ham namoyish qilishayotgan ekan. Ko‘zaga o‘q otib tushirish o‘yinini o‘ynadik. Natijalarim yomon bo‘lmadi.

Ulardan sal narida esa rassomlarning ishlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Xullas, universal ziyo tarqatuvchi, insonlarni birlashtiruvchi va kunni ko‘ngilli o‘tkazishga xizmat qiluvchi markaz bo‘libdi”.

Manba: ni-hao.uz

Ulashing | Поделись этим: