Qo‘l yuvish gigiyenasi bola salomatligida qanday o‘rin tutadi?

Inson tashqi muhit bilan munosabatga kirishar ekan, bu jarayonda minglab bakteriyalar, mikroblarga ro‘baro‘ keladi. Shu bois, qo‘llarni gigiyena talablari darajasida yuvmasdan ovqatlanish yoki bolalarning qo‘llarini og‘ziga solishi, barmoqlarini so‘rish odati og‘ir kasalliklarning yuqishiga, gijjalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qo‘l gigiyenasiga amal qilishning muhim jihatlari to‘g‘risida SSV Matbuot xizmatiga tibbiyot fanlari nomzodi Dilorom Tursunova so‘zlab berdi:

— Inson organizmida o‘zi bilmagan turli zararli mikroorganizmlar yashashi mumkin. Gijjalar ham shunday zararli mikroorganizmlardan biri hisoblanadi. Ularning 250 dan ortiq turi ma’lum bo‘lib, ko‘p holatlarda, lyambliya, enterobioz kabilar ko‘p uchraydi. Kasallikning sog‘lom odamga yuqishida gijja tuxumlari bilan ifloslangan qo‘l yetakchi rol o‘ynaydi. Shuning uchun mazkur xastalikni “kir qo‘llar kasalligi” ham deyishadi.

Gijja bolaning immunitetini pasaytiradi. Bu «Gepatit A» kasalligining yuzaga kelishiga ham sabab bo‘ladi.

Bundan saqlanishning eng maqbul yo‘li qo‘llarni tozalab yuvishdir.

Quyidagi holatlarda qo‘llarni, albatta, sovunlab yuvish kerak:

📌hojatxonadan chiqqandan keyin;
📌ovqat pishirish oldidan;
📌hayvonlarga qaralgandan so‘ng;
📌ko‘chadan uyga qaytgandan keyin;
📌ovqatlanishdan avval;
📌har qanday yumushni bajargandan so‘ng;
📌yo‘tal va aksirishdan keyin;
📌ko‘chadagi mashg‘ulotlar(o‘yinlar, bog‘da ishlash, it va mushuklar bilan o‘ynash)dan so‘ng.

Shuningdek, tirnoqlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda, tirnoq tagida turli infeksiyalar, gijja tuxumlari to‘planib, bir qator kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Ko‘pchilik qo‘lga sovun surib hosil bo‘lgan ko‘pikni chayish bilan cheklanadi. Ba’zilar suvning o‘zi bilan chayib ham ketaveradi. Ammo bu bilan qo‘llarimizga yopishib olgan, ayniqsa, tirnoqlar ostiga berkingan zararli mikroorganizmlardan qutula olmaymiz.

Yana bir jihat. Qo‘pchilik mikroblarga qarshi kurash uslubi sifatida issiq suvda qo‘l yuvishga ham odatlangan. Bu ham muammoga yechim bo‘lolmaydi. Aksincha, issiq suv qo‘l terisini quruqlashtirib, yallig‘lantirishi mumkin. Eng maqbul chora, qo‘llarni sanitariya-gigiyena talablari darajasida yuvish sanaladi. Oqar suvda qo‘llarni yaxshilab sovunlab va 10 soniyadan kam bo‘lmagan vaqt davomida bir-biriga ishqalash lozim.

Oilaning har bir a’zosida alohida sochiq, tish yuvish cho‘tkasi, qo‘l yuvish uchun sovuni bo‘lishiga e’tibor berish va shaxsiy gigiyena qoidalarini targ‘ib etish muhimdir. Uy hayvonlari ham insonlarda yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil hisoblanadi. Masalan, birgina it 150 turdan ko‘proq gelmint tashuvchidir. Bundan tashqari, mushuk, chivin, pashsha va boshqa hasharotlar ham kasallik omili sanaladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: