Prezident sovg‘alari o‘quvchilarga bayramona shodlik ulashdi

Yangi yil bayrami barchamizga, ayniqsa kichkintoylar uchun orziqib kutadigan, olam-olam taassurotlar qoldiradigan sevimli ayyom hisoblanadi. Elimizga xos bolajonlik, yuksak insonparvarlik, mehru oqibat ifodasi sifatida hududlarda an’naviy ravishda topshirib kelinayotgan Prezident sovg‘alari bolajonlarga unutilmas xursandchilik ulashmoqda.

Yangi yil bayramini karantin talablari asosida tashkillashga Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan puxta hozirlik ko‘rildi. Xususan, “Prezident sovg‘asi”ni olib kelish uchun maxsus mashina tashkil etilib, bayramona ruhda bezatildi.

– Umumta’lim maktablarida o‘qiyotgan 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan 29 nafar bolaga sektor rahbarlari va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishtirokida “Prezident sovg‘alari” voyaga yetmaganlar yashayotgan xonadonlarga olib borib tarqatildi, – deydi Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi O‘tkirbek Polvonboyev. Shuningdek, shahar hokimligi ko‘magida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga 145 million so‘mlik bayram sovg‘alari va qishki kiyim-kechaklar tuhfa qilindi.

Qolaversa, shahar prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va Davlat soliq inspeksiyasi rahbarining sa’y-harakatlari bilan tegishli sektorlar hududlaridagi ehtiyojmand oilalar farzandlariga 17 million so‘mlik sovg‘alar ulashildi.

Ulashing | Поделись этим: