Endi o‘qituvchi ustama olish uchun maqola yozishi shart emasmi?

Ilgari o‘qituvchilar ustama olish uchun albatta, biron-bir jurnal yoki gazetada maqolasi chiqqan bo‘lishi kerak edi. Chunki 823-sonli qaror bo‘yicha o‘qituvchidan baholanayotgan o‘quv yilida ommaviy axborot vositalari, ta’limga oid veb-saytlardagi chiqishlari, ilmiy-metodik jurnallardagi hamda turli konferensiyalarda maqolalar, tezislar, konsepsiyalar, istiqbolli rejalari bilan qatnashish orqali ta’lim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashga oid ishlari bo‘lishi talab etilardi.

Zarnews.uz saytining yozishicha, yaqinda bloger Isroil Tillaboyev ham 823-sonli qarorga o‘zgartirish kiritilayotganligi haqida xabar berib, baholash mezonidan maqola yozish bandi olib tashlanishi mumkinligini aytgandi.

Sababi, 823-sonli qarorning aynan shu bandi ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Xalq ta’limi tizimida ko‘pchilik o‘qituvchilar sifatli dars o‘tish, bola bilan ko‘proq ishlash o‘rniga darsini ommalashtirish, maqola yozish (ko‘p hollarda yozdirish) bilan ovora bo‘lib qolayotgandi.

Haqiqatdan ham ustama olish uchun o‘qituvchilarning maqola yozib chiqishi o‘zini oqlamadi. Sababi, maqolalar pulga yozdirildi. O‘qituvchi o‘zi mehnat qilmadi. Buning ortidan esa turli xil ko‘rinishdagi jurnal va bo‘lar-bo‘lmas konferensiyalar ko‘payib, ko‘pchilik o‘qituvchilarning pullari havoga sovurildi. Chunki o‘qituvchilar maqolasi bilan bu konferensiyada qatnashsa, maqolaning bir beti uchun 15-20 ming so‘m miqdorda pul to‘lanardi.

Nihoyat, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrda “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi qarorda maqola yozish bandi olib tashlandi. Endi asosiy e’tibor o‘qituvchining chiqargan sinfi, o‘quvchi bilan ishlashi, seminarlarda dars o‘tishi, tashkil etgan ochiq darslari, o‘tkazgan tadbirlarining sifati, o‘quvchilarning o‘zlashtirish samaradorligi, xalqaro tadqiqotlarga o‘quvchilarni tayyorlab borishi, o‘quvchilarining fan olimpiadalarida qatnashishi va ish stajiga qaratiladi.

Ulashing | Поделись этим: