15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 7 turdagi vitaminlar bepul tarqatiladi

Bu haqda Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida “Viloyatda sog‘liqni saqlash sohasida Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari ijrosi, 2020 yil sarhisobi hamda 2021 yilda belgilangan vazifalar” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tildi.

Matbuot anjumanida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan To‘lakov hamda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i To‘xtamurod Pakirov ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida Prezidentimizning sohaga doir farmon va qarorlari ijrosi,  Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi asosida viloyatda sohani rivojlantirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan.

2021 yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish – eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Bu ishlar uchun 2021 yil respublika bo‘yicha davlat byudjetidan 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltiriladi. Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Joriy yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur. Bu borada birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etiladi. Joriy yil yanvar oyi oxiriga qadar aholini tibbiy xatlovdan o‘tkazish, antropometrik o‘lchovlarni jamlash orqali aholining salomatlik holati baholanib, bu borada tegishli elektron baza va hududlarning “Salomatlik profillari” shakllantiriladi. Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

Yil yakuniga qadar viloyatdagi barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining (ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar, oila shifokorlik punktlari) optik tolali internet tarmog‘iga ulanishi ta’minlanadi.

Tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda birlamchi bo‘g‘in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 25 ta oilaviy shifokor punkti va 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi. Joriy yilda 8 ta oilaviy shifokor punkti va 1 ta oilaviy poliklinika ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan vrachlarga 30 million so‘mdan yordam puli berish hamda ularni xizmat uylari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda viloyatda qondagi qand miqdorini aniqlovchi glyukometr uskunasi va ekspress testlarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etiladi. 1 martga qadar aholining tegishli kontingenti qondagi qand miqdori va xolesterinni aniqlovchi ekspress test to‘plamlari bilan ta’minlanadi. 1 sentyabrga qadar viloyat aholisi orasida yurak qon-tomir kasalliklari hamda 2-turdagi qandli diabet kasalligini maqsadli skriningdan o‘tkazish choralarini ko‘rish va tekshiruv natijalari bo‘yicha aholining individual nazorati hamda sog‘lomlashtirish ishlari yakunlanadi.

Aholining katta qismini qiynaydigan o‘tkir qon-tomir kasalliklari bo‘yicha viloyatda 4 ta tumanlararo markaz tashkil etiladi. Ushbu markazlar aholiga infarkt va insult holatlarida tezkor va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish orqali o‘lim va nogironlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

2021 yil noyabr oyiga qadar (Qarshi shahar tug‘ruq kompleksi, viloyat perinatal markazi, reproduktiv salomatlik markazi, viloyat skrining markazini jamlagan holda) onalik va bolalikni muhofaza qilish klasteri tashkil etilishi rejalashtirilgan.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Qarshi davlat universiteti qoshida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi.

2021 yilda Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Qashkadaryo filialida investitsiya dasturi doirasida olib borilayotgan qurilish-rekonstruksiya ishlariga ko‘shimcha ravishda gemodializ va universal angiograf uskunalari uchun qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan. Viloyat sog‘likni saqlash tizimidagi 11 ta tibbiyot muassasasida qurilish-rekonstruksiya ishlari uchun respublika byudjetidan 83 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratiladi va ushbu muassasalar to‘liq zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

2021 yilda  tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari  bitiruvchilaridan 356 nafar yosh shifokorning ishga kelishi  kutilmoqda. Bulardan  203 nafari bakalavr, 48 nafari magistr, 105 nafari  klinik ordinatorlarni tashkil etadi. Mazkur yosh mutaxassislar hisobiga tumanlardagi  shifokorlar yetishmovchiligi muammolarini bartaraf etish ko‘zda tutilmoqda.

Ulashing | Поделись этим: