Sinf xonalarini o‘quvchi tozalasin!

Ikki farzandim Farg‘ona shahridagi 10-o‘rta ta’lim maktabida o‘qiydi. Qizim Muslimaxon 8-sinf, o‘g‘lim Sardorbek 4-sinf o‘quvchisi. Uy yumushlarida menga ko‘maklashayotgan qizimga qarab, maktabda sinf xonalarini kim tozalashi haqida so‘rayman. Ular bu ishni navbatchilik asosida qilishlari, maktab farroshiga ko‘maklashib turishlarini aytsa, xursand bo‘laman. Axir, bu — bolani o‘zi o‘tirgan joyni toza saqlash, qolaversa, birovlar mehnatini qadrlashga o‘rgatishning eng to‘g‘ri yo‘li-ku!

Bizning o‘quvchilik yillarimizda ham maktabda dars vaqti tugagach, navbatchi o‘quvchilar xonalarni tozalashar, doskalar va tokchalarni artish, gullarga suv qo‘yish, polni yuvish, sinf burchaklarini tartibga keltirish kabi yumushlarni bajarishardi. Ertangi kun uchun yozuv-chizuv qurollari hozirlab qo‘yilardi. O‘qituvchilarimiz ham navbatchi o‘quvchilarning mehnatini e’tirof qilardi. Mabodo beparvolik bo‘lib, doska artgich yuvilmay, changlar artilmay qolgan kun navbatchi o‘quvchilar rosa izza bo‘lishardi.

Kasbim sabab ko‘pchilik hamshaharlarimiz bilan suhbatda bo‘laman. Ularning aksariyati bolalarining maktabda sinf xonalarini yuvishlarini istashmaydi, farrosh yollab, unga qo‘shimcha haq ajratishlarini aytishadi. Emishki, “bola darsini qilsin, farroshlar tozalayveradi!”

Menimcha, bu — noto‘g‘ri fikr. Ayrim kalta o‘ylaydigan ota-onalarning qarori va farzandlariga to‘g‘ri yo‘nalish bermayotgani sabab, o‘quvchilarda mehnatni mensimaslik holati namoyon bo‘lib qolyapti.

Yaqin tanishlarimdan biri aytib bergandi. Bundan ellik yillar avval u 10-maktabda o‘qir, har doim sinf xonalarini tozalash uchun Nafisa ismli dugonasi bilan navbatchilik qilar ekan. Sinfdosh qizlar shu darajada katta ishtiyoq bilan xonani batartib holatga keltirishar ekanki, ertasi kuni kelgan o‘qituvchi ham, sinfdoshlari ham kechagi navbatchilarning kimligini darrov payqab olisharkan. Vaholanki, kecha zo‘r berib, xonalarni yuvib, tozalagan o‘quvchilar o‘ziga to‘q, ziyoli oila farzandlari bo‘lgan ekan.

Ha, o‘sha vaqtlarda aynan shu yo‘l bilan bolalarning mehnatga munosabati shakllantirilgan, qolaversa, bolada manmanlik, kibr uyg‘onishining oldi olingan, o‘quvchilarda ko‘pchilik manfaati uchun mas’uliyat hissi o‘stirilgan. Fikr-larimni eski tartibni qo‘msash, deb qabul qilmang aslo. Bugun biz ko‘p hollarda farzandlarimizni kuchli bilim olishi, yaxshi o‘qishi, chet tillarini bilishi kabi maqsadlarimizni o‘ylab, ularning tarbiyasiga yetarli e’tibor qaratmayotgani-mizni tan olishimiz kerak. Vaholanki, tarbiya ungan joydagina bilim yuksaladi, deb o‘rgatishgan bizga. Maktab o‘quvchilarining o‘z sinf xonasini yig‘ishtirishi uchun nav-batchilik tashkil qilinishi esa bolada o‘ziga xos tarbiyani shakllantirishi aniq. Bu o‘g‘il-qizlarimizga erta yoshdan o‘zi foydalanayotgan joy va buyumlarni ozoda saqlash bilan birga birovning mehnatini qadrlashni, ko‘pga xizmat qilish yaxshilik ekanligini o‘rgatadi.

Bolalarimizni o‘quvchilik yillaridanoq mehnatga, mas’uliyatga o‘rgatishimizda, bir qarashda juda oddiy bo‘lib ko‘ringan yo‘l — sinf xonalarini tozalashga rag‘batlantirish, albatta samara beradi, desam, barcha ota-onalar fikrimga qo‘shilsa kerak.

Xurshida MADUMAROVA,
Farg‘ona shahar, “Oqariq” mahalla fuqarolar yig‘ini.

Ulashing | Поделись этим: